Bilasizmi?

Kichik yapon kompaniyasidan jahonga mashhur brendgacha - Uniqlo asoschisi Tadasi Yanai haqida

Vc.ru Fast Retailing tarixini o‘rganib chiqdi. U Uniqlo kiyim-kechak do‘konlari tarmog‘iga egalik qiladi. Kompaniyaga Yaponiyaning eng badavlati kishisi Tadasi Yanai rahbarlik qiladi.

Fast Retailing kompaniyasi yaratuvchisi o‘tgan hafta aksiyalar kursining pasayishi tufayli 1,4 milliard AQSh dollarini yo‘qotdi. Uniqlo butun dunyo bo‘ylab 1600 do‘konga egalik qiladi va Yanai bunday zarardan xavotirga tushmadi. Sababi u Uniqlo’ni yaratish jarayonida bir necha bor turli muammolarga duch kelgan hamda ularni bartaraf etish imkonini topgan.

Tadasi Yanai Yaponiyaning Ube shahrida 1949 yilda tug‘ilgan. Uning otasi o‘sha yili Ogori Shoji erkaklar kiyim-kechagi do‘konini ochgan. Firma keyinchalik yirik tarmoqqa aylanmagan bo‘lsa ham, bo‘lajak milliarder uchun biznes asosini taqdim etgan.

Tadasi 1960 yilda ilk bora AQShga bordi. Kelajakda u ushbu davlatga bir necha qaytadi va bu yer haqida ko‘plab ijobiy fikrlarni bildiradi.

Tadasi ona shahrida maktabni tamomlagan bo‘lib, keyinchalik Yaponiyadagi eng nufuzli Vaseda universitetiga o‘qishga kirgan. Bo‘lajak ishbilarmon iqtisodiyot va siyosatshunoslikni o‘rgandi. Tadasi talabalik yillarida Vetnam urushiga qarshi chiqib, xippi harakatiga ham qo‘shildi.

U 1971 yilda universitetni tamomlab, JUSCO supermarketlar tarmog‘iga ishga joylashadi. Shu bilan bir qatorda, Tadasining otasi uni oilaviy ishga jalb etishga harakat qila boshlaydi. Yanai Ogori Shoji’ga ishga qaytdi va erkaklar kiyim-kechagi bilan savdo qilishni boshladi.

Tadasi Xirosima shahrida 1984 yilda Unique Clothing Warehouse do‘konini ochishga qaror qiladi. Bu uzun so‘zlarning qisqartmasidan Uniqlo so‘zi kelib chiqdi. Bundan avval u Yevropa va AQShga safar qilib, yirik tarmoqlar, masalan – GAP ish modelini o‘rgandi.

Tadasi biznesining real o‘sishi 90-yillarda boshlandi. Ko‘plab yuqori texnologiyali kompaniyalarga muammolar keltirgan iqtisodiy inqiroz Tadasi uchun juda ham qulay imkoniyat yaratdi. Yaponiya aholisi iqtisod qila boshlab, qimmat kiyim-kechakdan oddiy va arzonrog‘iga o‘ta boshladi.

1994 yilda Uniqlo tarmog‘i Yaponiyaning turli qismlarida joylashgan 100ta do‘konni tashkil etdi. Ular asosan kichik shaharlarda ochilgan.

Uniqlo’ning o‘z kiyim-kechak modellari birinchi marta 1995 yilda chiqarildi. Birinchi uchta model moliyaviy jihatdan o‘zini oqlamadi va sotuvdan olindi. Yanai o‘z kompaniyasi rivoji yo‘nalishini belgilay turib, yana GAP’dan o‘rnak olishga harakat qildi. U kompaniyaga yangi strategiyani tatbiq etish uchun CIA/The Brand Architect Group’ni yolladi - Fast Retailing’ga savdo joyini bezash, do‘konlar dizayni va boshqa ko‘plab elementlar bo‘yicha katta ko‘mak berildi.

Ishlab chiqarish jarayoni esa Xitoyda joylashtirildi. Bunga arzon ishchi kuchining ko‘pligi asosiy sabab bo‘lgan. XXRda ishlab chiqarilgan mahsulotga bir qadar salbiy munosabatda bo‘linsa-da, Uniqlo rahbariyati o‘z kiyim-kechagi sifatiga katta mehr bilan yondoshadi. Fast Retailing’da “yapon sifati” iborasini ishlatishni yaxshi ko‘rishadi va bunga katta mas’uliyat bilan qarashadi.

Uniqlo ayni damda ishlab chiqarishni Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham joylashtirgan. Brendda bunday sheriklar soni kamida 70tani tashkil etadi.

1998 yilda kompaniya sotuvlari hajmi 83 milliard iyenani tashkil qildi. Bir yildan so‘ng bu ko‘rsatkich 111 milliard iyenaga teng bo‘ldi, 2000 yilda esa – 229 milliard iyena.

Fast Retailing 1998 yildan boshlab o‘z tarmog‘idagi do‘konlarni ko‘paytirishni maqsad qildi, va 2001 yilda ularning soni 500tani tashkil etdi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar esa 418 milliard iyenaga teng bo‘ldi.

Yanai 2001 yilda Londonda o‘zining xorijdagi ilk do‘konini ochdi. Angliyada hammasi bo‘lib 21ta do‘kon o‘z ishini boshlagan bo‘lsa, AQShda – uchta savdo nuqtasi ochildi. 2002 yilda Xitoydagi birinchi do‘kon o‘z eshiklarini ochdi. Biroq bu do‘konlar kutilgan moliyaviy daromad keltirmagach, Yanai Angliyadagi ko‘plab do‘konlarini va AQShdagi barcha savdo nuqtalarini besh yil davomida yopdi.

Kompaniya 2006 yilda Nyu-Yorkning Soxosida yangi yo‘nalishdagi do‘konni taqdim etdi. Bu yerda 150 kishi mehnat qilib, 50ta kassa ishlaydi. Bundan tashqari, do‘konda kiyimni kiyib ko‘rishga mo‘ljallangan 100ta maxsus kabinka bor. Soxodagi do‘kon keyinchalik Uniqlo tarmog‘idagi eng yaxshi savdo nuqtasiga aylandi. Shanba kunlari bu yerga 25 mingga yaqin inson tashrif buyuradi.

Uniqlo 2007 yilda Londonda yirik do‘kon ochdi. Brend asta-sekin dunyoda o‘z nomiga ega bo‘la boshladi. Shu yili Tokioda maydoni uch ming kvadrat metr bo‘lgan kompaniyaning eng yirik do‘koni ochildi. Kompaniya 2005 yildan boshlab ayollar kiyim-kechagini ham ishlab chiqara boshladi.

Fast Retailing 2005 yilda Fransiyaning Comptoir des Cotonniers ayollar kiyim-kechak brendini xarid qildi. Kompaniya Yanai nazorati ostida yanada rivojlanib borib, 2010 yilda dunyoning 40 davlatida 160 do‘konga egalik qildi.

Fast Retailing  2009 yilda dizayner Jil Sanderni ishga qabul qildi. U +J nomi ostidagi 40ta erkak va 100ta ayollar kiyim-kechak modellaridan iborat kolleksiyani taqdim etdi.

Sander bilan hamkorlik 2012 yilgacha davom etdi. Shu yili Undercover asoschisi Jun Takaxashi bilan shartnoma imzolandi. 2012 yilda Disney qahramonlari va mashhur ertaklar logotiplari tushirilgan liboslar chiqarildi.

2015 yilda Uniqlo’ning Parijdagi ilmiy-tadqiqot markazi rahbari etib Kristof Lemer tayinlandi. U bir yildan so‘ng birinchi kolleksiya - Uniqlo U’ni taqdim etdi. Kolleksiyada erkaklarga mo‘ljallangan 35ta va ayollarning 50ta modellari bor.

Fast Retailing haqida gapirganda vaqti-vaqti bilan paydo bo‘luvchi ayblovlar haqida eslab o‘tish joiz. Xususan, Yanaini uning kompaniyasida rahbarlik lavozimlarida asosan yaponlar ishlashi borasida tanqid qilishadi.

Bundan tashqari, Uniqlo ishchilarning ish vaqti aniq belgilab qo‘yilmaganligi va yuklamalarning ko‘pligi tufayli ham jiddiy tanqidlarga uchragan. Biroq, 2015 yilda kompaniya o‘z xodimlarini to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tkazayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu holat Uniqlo’ning 10 mingta xodimida sinab ko‘riladi. Ular 10 soat davom etadigan ish kuni evaziga qo‘shimcha dam olish kuniga ega bo‘lishlari mumkin. Bundan tashqari, yakshanba va shanba ham ish kuniga aylanadi. Agarda tajriba omadli yakun topsa, bu innovatsiya butun dunyo bo‘ylab qo‘llanilishi mumkin.

Yaponiyada kompaniya bozordagi eng asosiy o‘yinchilardan biri bo‘lsa, jahonda vaziyat biroz murakkabroq. U yerda hali-hamon GAP, Zara va H&M yetakchilik qilmoqda. Yanai bir necha bora GAP’ni qachonlardir xarid qilishi haqida aytib o‘tgan. Bu tan olingan brendga urush e’lon qilishdek tuyuldi.

Fast Retailing 2020 yilgacha 50 milliard AQSh dollarilik sotuvlarni amalga oshirish va savdo nuqtalari sonini to‘rt mingtaga yetkazishni mo‘ljallamoqda.

Tadasi Yanai nafaqat do‘konlar sonini doimiy ravishda oshirib boradi, balki reklamaga ham katta e’tibor qaratadi. Xususan, Uniqlo brendi mashhur tennischi Novaka Jokovichga sport libosi ishlab chiqqan.

Kompaniya muammolariga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2015-2016 moliyaviy yilining ikkinchi choragida Fast Retailing’ning daromadi 60 foizga tushib ketdi. Bu kuchli iyena kursi va ancha issiq kelgan qish bilan bog‘liq (issiq kiyim-kechaklar savdosi kamaydi).

Moliya yili yakuniga ko‘ra, daromad 1,78 trillion iyenani tashkil etdi.

Uniqlo ayni damda Yaponiyadagi eng mashhur brendlardan biri hisoblanadi. Tadasi Yanai tomonidan 80-yillarning o‘rtalarida tashkil etilgan brend butun dunyoga tanildi. Aynan Yanai do‘konlar tarmog‘i asosini yaratib, rivojlanish strategiyasini belgilab berdi.

17,7 milliard AQSh dollariga egalik qiluvchi Tadasi Yaponiyada yuqori texnologiyalar bilan bog‘liq bo‘lmagan eng badavlat insonlar orasidagi sanoqli shaxs sanaladi. Shu bilan bir qatorda, u yaponlarga xos bo‘lgan mehnatkashlik va innovatsion qarorlarni qabul qilish xususiyatiga ega. Aftidan, Yanai va uning kompaniyasining kuchi aynan shunda.

Manba: Kun.uz