Koreya Respublikasida ishlaydigan migrant ishchilar orasida o‘zbekistonliklar eng intizomli va davlatimiz qonunlarini hurmat qiluvchilardan hisoblanadi, deb ta’kidladi Samarqandga tashrifi davomida Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bosh direktori Kim Dong Xo.
"Ular ayniqsa, mehnatsevarligi, halol va mardligi bizlarni hayron qoldirgan. Har qanday kasb-hunar bo‘lmasin, juda tez o‘zlashtirishadi. Ular orasida yuqori malakali mutaxassislar juda ko‘p. O‘zbekistonda ularga tadbirkorlik qilib, o‘rganib kelgan hunarini amalda qo‘llash imkoniyatlari yaratilganligi quvonarli", - deb aytgan Kim Dong Xo.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq 10 sentyabr kuni Samarqand shahriga Janubiy Koreya Mehnat vaziri tashrifi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik.
10 sentyabr kuni Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Janubiy Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan hamkorlikda Koreya Respublikasida mehnat shartnomasi asosida ishlagan fuqarolar bilan ushbu uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining bosh direktori Kim Dong Xo, bosh direktor o‘rinbosari Kim Yeon Xong va mazkur tashkilotning O‘zbekistondagi vakili Song San Jin, Agentlik boshlig‘i Ibragimov Ravshan Rafaelovich, mas’ul xodimlari, Samarqand viloyatining 20 dan ortiq salohiyatli ish beruvchilari va Koreya Respublikasiga Agentlik orqali ishlab kelgan 200 ga yaqin fuqarolar ishtirok etishdi.
Ikki davlat o‘rtasidagi memorandumga muvofiq bugungi kunga qadar qariyb 50 mingga yaqin o‘zbekistonliklar, shundan 5 mingdan ortiq samarqandliklar Janubiy Koreyada Agentlik ko‘magida mehnat faoliyatlarini amalga oshirishgan.
Memorandumga muvofiq O‘zbekiston fuqarolarining dastlabki oylik ish haqlaridan O‘zbekistonga qaytib kelish xarajatlarini sug‘urtalash maqsadida sug‘urta kompaniyasiga 500 ming von (453 AQSh dollari) miqdorida mablag‘ o‘tkaziladi va fuqaro mehnat shartnomasini muvaffaqiyatli tugatgach, O‘zbekistonga qaytishdan oldin mazkur sug‘urta mablag‘i hisob-kitob qilinib, qaytarib beriladi.
"Ammo ko‘p hollarda migrantlarimiz mehnat ta’tilida yurtiga kelib, yana qaytib bormagan yoki mehnat shartnomasi tugamasdan ketib qolgan hollarda tabiiyki, ish beruvchi bilan ishchi o‘rtasida yakuniy hisob-kitob qilinmay qoladi, – deydi Respublika Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Ravshan Ibragimov. – Yoki ularning uylariga qaytish xarajatlari uchun qilingan sug‘urta pullari o‘z egalariga qaytarilmay qolingan. Hozirda Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi ishlar yanada kengayganligi sababli "Inson resurslarini rivojlantirish xizmati" tomonidan bu mablag‘lar qayta hisoblanib, ularni to‘lab berish mexanizmi yo‘lga qo‘yilib, bir qator fuqarolarning, jumladan, Samarqand viloyatining 163 nafar fuqarolariga ham sug‘urta pullari qaytarib berilmoqda.