Bilasizmi?

Ittifoq qahramoni Ahmadjon Shukurov hayotidan

Ahmadjon Shukurov 1909 yilda Farg‘onaning Beshariq tumanidagi Shoberdi qishlog‘ida dehqon oilasida tavallud topgan. Urush boshlanishi bilanoq ko‘ngillilar safida frontga yo‘l olgan.

Ahmadjon ota-onadan erta yetim qolgan, suyagi mehnatda qotgan bola edi. Shu bilan birga izzat-nafsi ustun, oriyatli yigit bo‘lgan. Fashist bosqinchilari mamlakatga hujum qilganida birinchilardan bo‘lib askarlikka ariza berganining sababi ham shu edi. Oilasi, ayoli va uch yashar o‘g‘li bilan xayrlashayotib “Yo changim chiqadi, yo dong‘im chiqadi”, deydi.

Ularni dastlab harbiy mashqlarda toblash uchun alohida poligonga olib borishadi. Yomg‘ir sharros quyib turgan kunda rota uzoq manzil sari piyoda yo‘l oladi. Yo‘lda pishqirib oqayotgan soyga duch kelganda komandir kechib o‘tish buyrug‘ini beradi. Shiddatli suv ayrim askarlarni oqizib ketishiga oz qoladi. Shunda komandir qolganlarni o‘tkazib qo‘yishni chayir gavdali Ahmadjonga buyuradi. U qolganlarning qo‘lidan tutib soydan o‘tkazib qo‘yadi.

Ahmadjonning rotasi front yaqinida tayyorgarlik qilayotgan davrida rus do‘sti bilan dushman “ov”iga chiqishadi. Uzoqdan ko‘ringan dushman askarini bexato mo‘ljalga olib u polkda og‘izga tushadi. Tabriklaganlarga u “bu hisob emas”, deya javob beradi.

Shu bo‘yi oddiy askar Ahmadjon shiddatli janglarga kirishib ketadi.

...1943 yil yozida Kursk yonida bo‘lgan qattiq janglarda O‘zbekistonda tuzilgan o‘qchi diviziya jangchilari jasorat ko‘rsatdilar. “Oryol” diviziyasi faxriy nomini olgan 5-o‘qchi diviziya tarkibida Ahmadjon ham bor edi. Zolotaryovka uchun qattiq janglarda serjant Ahmadjon Shukurov jasorat ko‘rsatib, dushmanning 110 nafar askar va zobitlarini yer tishlatdi hamda 15tasini asir oldi. Dushmanning beshta o‘tochar nuqtasini yo‘q qildi. Bu jasorati uchun unga Qahramon unvoni berildi va ko‘kragiga Oltin Yulduz qadaldi. Zolotoryovka qishlog‘i nomi Shukurovka deb ataladigan bo‘ldi.

1944 yilda starshina Shukurov jarohati tufayli urushdan qaytgan. O‘z qishlog‘ida brigadir bo‘lib ishlagan.

Urush qahramoni Ahmadjon Shukurov 1990 yilda o‘z qishlog‘ida dunyodan o‘tgan.

Darvoqe, Ahmadjon Shukurov to‘g‘risida atoqli adib Abdulla Qahhor “Oltin yulduz” nomli kichik tarixiy qissa yozgan. Qissada Ikkinchi jahon urushi voqealari ishonarli gavdalantirib berilgan. Qissani mutolaa qilish istagida bo‘lganlar ushbu havola orqali yuklab o‘qishlari mumkin.