Bilasizmi?

Ispaniyaning RGK Mobile kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishga tayyorlanmoqda

Mobil to‘lovlar agregatsiyasi, litsenziyalangan raqamli kontent, uyali aloqa operatorlari uchun SAAS platformalari sotish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha RGK Mobile xalqaro kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda Kun.uz yozmoqda.

Kompaniya hozirda O‘zbekiston uchun direktor qidirmoqda, uning vazifalari orasida kontent provayderning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini boshqarish (data markazlar, serverlar, telefoniya - aloqa, internet), bajarilgan ishlar nazorati, litsenziya olish bo‘yicha jadvalga rioya qilish va boshqalar bo‘ladi.

RGK Mobile bu yerda bank hisobi ochishni, xodimlar yollashni va mamlakat hududida tashqi hamkorlar bilan ishlashni rejalashtirmoqda.

Iyun oyida Forbes jurnali RGK Mobile’ni Yevropa ittifoqida GDPR maxfiylik siyosati bo‘yicha yetakchilardan biri deb atadi.

RGK Mobile 2014 yilda Ispaniyada tashkil etilgan. 2018 yil sentyabri holatiga ko‘ra, 27 mamlakatda, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, Braziliya, Hindistonda faoliyat yuritadi. Mobil operatorlar uchun yechimlarni taqdim etish, mobil to‘lovlar agregatsiyasi (m-commerce), mobil kontent yetkazib berish va boshqalarga ixtisoslashgan.