Ko‘p hollarda Apple qurilmalari foydalanuvchilari Android-smartfonlarga o‘tib olishadi. Bunda duch kelinadigan asosiy muammolardan biri – oldingi gadjetda saqlanayotgan kontaktlarni yangisiga ko‘chirib o‘tkazish. Keling, shuni qanday amalga oshirishni ko‘rib chiqamiz.
- Buning uchun nima kerak?
Birinchi navbatda, Apple qurilmalarini o‘zaro sinxronizatsiya qiladigan «bulutli» servis – iCloud’da akkauntingiz borligini tekshiring. Agar yo‘q bo‘lsa, albatta akkaunt ochib oling – bu ko‘p vaqt olmaydi, lekin mazkur xizmat juda asqotadi.
- Kontaktlarni bitta faylga yig‘amiz
Demak, iCloud akkaunt yaratib oldik, endi veb-interfeys orqali «Contacs»ga kiramiz. U yerda barcha kontaktlarni belgilab olib, keyin pastki chap burchakdagi «shesternya» belgichasini bosamiz. Qalqib chiqqan menyudan «export vCard» amalini tanlaymiz.
Shu tariqa biz qurilmamizdagi barcha kontaktlarimizni bitta faylga o‘tkazib oldik.
- Android’ga uzatamiz
Endi mana shu vCard faylini o‘zimizning Android tizimli yangi smartfonimizga ko‘chirib olamiz. Buni turli yo‘llar bilan amalga oshirish mumkin: pochta orqali o‘zimizga jo‘natish, Bluetooth yoki USB-kabel orqali o‘tkazish va hokazo.
Endi qurilmamizda kontaktlar menyusiga kirib, mazkur vCard faylidan kontaktlarni import qilsak bo‘lgani.
Ko‘rib turganingizdek, mazkur amallar kontaktlarni ko‘chirishning juda oson, tez qilinadigan va ishonchli yo‘lidir.