Bilasizmi?

Hasanboy Do‘stmatov: «Sport sharofati bilan «Matiz»im «Malibu» bo‘ldi»

Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishning o‘ziyoq qanchadan-qancha sportchilar uchun orzu bo‘lib qoladi. Olimpiada o‘yinlarida sovrindor bo‘lish peshonasiga bitilmaganlar ham oz emas. Shu ma’noda, qahramonimiz – Hasanboy Do‘smatovni tom ma’noda baxtli sportchi desak bo‘ladi. Xabaringiz bor, u Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida boks bo‘yicha eng yengil vazn toifasida kolumbiyalik Martines ustidan zafar quchib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan edi. Darvoqe, Hasanboyning medali –mamlakatimiz Istiqlolga erishganidan buyon Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan yettinchi «oltin»dir.

– Hasanboy, avvalo, sizni Olimpiada o‘yinlaridagi yuksak g‘alabangiz bilan chin dildan qutlaymiz, keyingi musobaqalarda ham omad yor bo‘lsin. Davlatimiz yutug‘ingizni munosib qadrlab, boshqa olimpiadachilar qatorida sizga ham «Malibu» avtomobili sovg‘a qilgan edi. Ayting-chi, ilgari qanaqa mashinada yurgansiz?

– Kamtarona «Matiz»im bor edi. Sport soyasida, mana, ulov desa degudek avtomobil egasi bo‘ldim. Sportchilar uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilib, muvaffaqiyat qozonishimizni ta’minlagan hukumatimizdan ham behad minnatdorman.

– Yo‘lda ko‘proq qanaqa qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yasiz?

– Ko‘pincha tezlikni oshirib yuboraman. Qiziqqonlikdan bo‘lsa kerak.

– Ayollarning mashina minishiga munosabatingiz?

– Bu masalada konservator emasman. Marhamat, xohlaganlar haydayversin. Bo‘lajak rafiqamning ham mashina boshqarishiga monelik qilmayman.

– Faraz qilaylik, muhim uchrashuvga shoshilayotgan chog‘ingizda yo‘lda mashinasi buzilgan haydovchiga duch keldingiz. Unga yordam berasizmi?

– Vaziyatga qarab ish tutaman. Ishim o‘ta muhim bo‘lgan taqdirda ham, vaqt ajratib yordam berishga harakat qilaman. Sababi, bir kun kelib o‘zim ham xuddi shunday vaziyatga tushsam ajabmas. Qaytar dunyo, deydilar-ku.

– Sizning-cha, dunyodagi eng yaxshi mashina qaysi?

– «Porsshe». Sportchiga yarashadigan mashina-da. Ayniqsa, oq ranglisi.

– Yozda bir oy tugal Rio-de Janeyroda bo‘ldingiz. Ayting-chi, Braziliyada transport masalasi qanday yo‘lga qo‘yilgan? Aynan sizda qanday taassurot qoldirdi?

– Braziliyaning boshqa shaharlarini ko‘rmadik. Lekin Rioda, ulkan megapolis bo‘lishiga qaramay, bu borada biron jiddiy muammo ko‘rmadim. Bizni iliq kutib olishdi, maxsus avtobuslar ajratib berishdi. Ko‘chalarda bittayam yo‘l noziri yo‘q – hamma joyda kameralar. Shu jihati, ochig‘i, sal g‘alati tuyuldi. Ko‘z o‘rganmaganidanmi...

Yosh sportchilarga nima degan bo‘lardingiz?

Mamlakatimizda sport sohasiga katta e’tibor berilyapti. Biz bu imkoniyatdan unumli foydalanishimiz zarur, deb o‘ylayman. Shuni unutmangki, dangasalik – birinchi dushmanimiz hisoblanadi. Tengdosh va ukalarga «o‘z ustingizda tinimsiz ishlashdan aslo erinmang» degan bo‘lardim. Mehnatlaringiz bugun bo‘lmasa ertaga, albatta, yuzaga chiqajak.

 ChEMPION HAQIDA IKKI OG‘IZ

 *1993 yil 24 iyunda Andijon viloyati Buloqboshi tumani, Kulla qishlog‘ida tug‘ilgan.

*Otasi tadbirkor, onasi o‘qituvchi.

*Boksdan tashqari futbol o‘ynashni ham yoqtiradi.

*Boshqa kasbni tasavvur qilolmaydi, 6 yoshidan beri «mushtlashadi».

*12 yoshidan boks bilan jiddiy shug‘ullana boshlagan.

*Murabbiyi Ziyoviddin To‘yganboyev bilan 10 yildan beri birga. Uni hamfikru sirdosh biladi. «Doim bamaslahat ish qilaman, ustoz-shogirddan ko‘ra do‘stlarga ko‘proq o‘xshaymiz», – deydi chempion.

*Menni Pakyaoga havas qiladi, u Hasanboy uchun ideal bokschi.

*Olimpiadada ishtirok etishdan ko‘ra musobaqaga yo‘llanmani qo‘lga kiritish qiyin bo‘lganini ta’kidlaydi.

Iroda AZIMOVA suhbatlashdi.

“Avto plyus” gazetasidan olindi.