Chorak asrlik tanaffusdan so‘ng otashnafas hofiz Sherali Jo‘rayevning xalqimizga taqdim etgan go‘zal konsertini tomosha qilmoq bizga ham nasib etdi. Dasturning rang-barangligi, dekoratsiyaning originalligi, eng muhimi, asosan keksa yoshdagi va o‘ttiz-qirqning ustidagi shinavandalar juda sog‘ingan hofizning jonli ijrosi ko‘ngillarni osmon qadar ko‘tardi.
Uzoq cho‘zilgan diydorlashuv katta-kichik nuqsonlarni ko‘pam sezdirmadi, desak yanglishmaymiz. Lekin... konsertlarda ko‘p yillardan beri jamoatchilik, ayniqsa, ziyoli qatlamning dilini ranjitib kelayotgan ayrim ko‘ngilsiz holatlarni ko‘rib, baribir yana yozmasak bo‘lmasligini tushundik.
Konsert boshlanganidan keyin bir soatgacha joy talashish davom etdi. Nazoratchilar hali uni yetaklab keladi, melisa esa boshqasini... Polda o‘tirib olganlarning soni bor-u, sanog‘i yo‘q. Yetar endi, bundan keyin konsertga kechikkan muxlisni umuman kiritmaslik kerak! Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqayotgan hushtakboz, baqiroq, saviyasiz-tarbiyasiz “muxlis”larni aytmay qo‘ya qolay. Ozroq otib olgan, ust-boshiga qarab bo‘lmaydiganlarni-ku aslo so‘ramang! Xalqimizda tomoshabinlik madaniyati shakllanmas ekan, bu kabi noxush voqealar takrorlanaveradi.
Kam emas, ko‘p emas, yarim oylik maoshini sarflab chipta olganlarning aybi nima? Xorijdagi konsertlarda mazza qilib o‘tirgan muxlislardan kam joyimiz bormi? Jahon futbolidagi ashaddiy ishqivozlar ham bizning konsert zallarimizdagi shinavandalarni ko‘rsa, anqayib qolsa kerak! Xullas, bu boradagi holatlarga mutasaddi vazirlik va mas’ullar zudlik bilan chora ko‘rish vaqti yetdi. Yoki shu masalaga yechim topish uchun ham davlat rahbarining dashnomini kutamizmi?
El suygan hofizga chorak asrlik diydor konserti muborak bo‘lsin, deymiz. Faqat birgina nozik ishtibohni aytmasak, chin muxlislik haqqimiz ketadi. Ko‘p og‘ir sinovlarni boshdan kechirgan san’atkorimiz yuraklarni sel qilguvchi qo‘shiq-ashulalarini kuylayversin, ammo orada balandparvoz, kerakli-keraksiz gaplarni takrorlashi umuman ortiqcha bo‘ldi. Va yana, havaskor xonanda o‘g‘illarini bunday katta dasturga zo‘rma-zo‘raki (biri otasini ulug‘lovchi yengil qo‘shiq kuylagani ham g‘alati) tarzda namoyish etishi... ko‘pchilikka erish tuyuldi. Ulug‘ hofizni xalqimiz shundog‘am boshiga ko‘taradi! Eng muhimi, ana shu ehtiromni unutmaslik kerak. Bularni oddiy bir muxlisning kechinmalari deb qabul qilgaysiz...
Muxlis