Bilasizmi?

Guus Hiddinkning cobiq yordamchisi MTJda ish boshladi

Nigeriya terma jamoasining sobiq futbolchisi va hozirgi kunda murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan Chima Mishel Oneke Samvel Babayanning taklifiga ko‘ra O‘zbekiston milliy terma jamoasining murabbiylar shtabida ish boshladi. Bu haqda The-uff.com yozmoqda.

Milliy terma jamoada jarohatlar epidemiyasi tarqalganligi sababli, qolaversa, keyingi ikki o‘yinga yuqori jismoniy tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Samvel Babayan Rossiyaning “Anji” klubida Guus Hiddinkning shtabida ishlagan Onekeni o‘z yordamchilari safiga qo‘shib oldi. U milliy terma jamoaning jismoniy tayyorgarliklar bo‘yicha mas’ul murabbiyi bo‘lib tayinlandi. Uning asosiy vazifasi milliy terma jamoa futbolchilarining jismoniy formasini qisqa vaqt ichida yuqori cho‘qqiga olib chiqib, bosh murabbiyga optimal tarkib bilan o‘ynash imkoniyatini yaratib berishdan iborat bo‘ladi.

42 yoshli Oneke asli nigeriyalik bo‘lib, Gollandiya pasportiga ega va murabbiylik faoliyatining asosiy qismi Gollandiya bilan bog‘liq. Futbolchi sifatida Nigeriya terma jamoasi sharafini himoya qilgan. Gollandiyada 8 dan ortiq jamoada o‘ynab, faoliyati davomida 65 ga yaqin gol urgan. O‘zbekiston terma jamoasida ish boshlaguniga qadar u Germaniyaning “Shtutgart” klubida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida ishlab kelayotgan edi.

Futbolchi sifatidagi faoliyatining oxirgi yillarini Gollandiya chempionatida o‘tkazgan Oneke tibbiyot bo‘yicha oliy ma’lumotni Gollandiyada oldi. Fitness bo‘yicha oliy darajadagi diplomni qo‘lga kiritgan mutaxassis Gollandiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Roy Makaay, Rossiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Aleksandr Kerjakov kabi futbolchilarning shaxsiy fitness murabbiyi sifatida ish boshladi.

2011 yilning iyulida u gollandiyalik Guus Hiddink va braziliyalik Roberto Karlos bilan birga Maxachqal’aning “Anji” futbol klubida ishladi. O‘sha paytlarda “Anji” Rossiyaning eng kuchli uchligiga kirib, mamlakat Kubogining finaligacha yetib borgandi.

“Anji” loyihasi tugatilgach, Oneke ham Rossiyani tark etadi. U 2013 yilda Gretsiyaning PAOK jamoasida fitness murabbiyi sifatida ish olib bordi. 2014 yilda PAOK jamoa bosh murabbiyi mashhur Xub Stevensni iste’foga chiqarishi natijasida Oneke bosh murabbiy vazifasini bajaruvchilardan biri bo‘lib mavsumning oxirigacha PAOKda ishlaydi. Mavsum yakunida PAOK Gretsiya chempionatida 2-o‘rinni egallab, Gretsiya Kubogi finaliga chiqdi.

Onekeni juda qadrlaydigan Xub Stevens 2014 yilda Germaniyaning “Shtutgart” jamoasiga taklif qilindi va Stevens Onekeni o‘zi bilan birga “Shtutgart”ga olib ketdi. Germaniyadagi faoliyati davomida Oneke va uning shtabi katta hajmdagi ishni amalga oshirdi va natijada “Shtutgart” ketma-ket 2 yil quyi ligaga tushib ketish xavfidan omon qoldi. Oneke O‘zbekiston terma jamoasiga aynan “Shtutgart”dan uchirma bo‘ldi.

Gollandiyaning Zeyst shahrida tug‘ilgan Oneke 5 ta tilni, shu jumladan, rus tilini ham biladi. Uning Yevropa darajasidagi bilimi, yuqori malakasi, boy tajribasi va rus tilini yaxshi bilishi kabi fazilatlari O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayanni Oneke hozirda O‘zbekiston uchun eng yaxshi nomzod ekanligiga ishontira oldi. U O‘zbekiston terma jamoasi ish olib borayotgan ikkinchi xorijlik mutaxassis sanaladi. Serbiyalik Deyan Jurjevich milliy terma jamoa murabbiylar shtabida ish olib borayotganiga ham 2 yildan oshyapti.

O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati saralash bosqichida 31 avgust kuni Uxan shahrida Xitoy, 5 sentyabr kuni esa Toshkentda Janubiy Koreya bilan o‘ynaydi. Ayni paytda O‘zbekiston 8 ta o‘yindan keyin 12 ochko to‘plab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan yagona yo‘llanma uchun kurashda 2-o‘rindagi Koreyadan 1 ochkoga ortda qolmoqda.