Bilasizmi?

GM Uzbekistan avtomobillari narxining oshirilishi inflyasiyaga qanchalik ta’sir qildi?

2018 yilning avgust oyida tovar va xizmatlar narxlari darajasi o‘rtacha 0,3% ga oshdi. Joriy yilning yanvar avgust oylari davomida inflyasiya darajasi 6,2% ni tashkil qildi. Bu haqda O‘zbekiston Statistika qo‘mitasi hisobotida aytiladi.

Kuzatuv natijalariga ko‘ra oy davomida tovarlar narxi o‘rtacha 0,3% va xizmatlar 0,4% qimmatlashgan. Joriy yilning avgust oyidagi narxlar tendensiyasi «tovar va xizmatlar narxlarining bir maromda o‘sishi» deya tavsiflandi.

«Yillik inflyasiya tahlili natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki (o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan), mamlakat iqtisodiyotiga nisbatan inflyasiya bosimining eng yuqori darajasi joriy yilning yanvar oyi (20,1%) hissasiga to‘g‘ri keladi va keyingi oylardan boshlab ushbu tendensiya aksincha, ya’ni, pasayish tomon harakatlanganligini ko‘rishimiz mumkin», — deyiladi hisobotda.

Joriy yilning yanvar avgust oylarida inflyasion trendlarga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar sifatida mavsumiylik hamda iqlim sharoitlari ta’sirida meva va sabzavot guruhi mahsulotlari, shuningdek, sutli mahsulotlar, tuxum hamda parranda go‘shti narxlarining o‘zgarishi; import mahsulotlari bilan ichki bozorlarning to‘yinganligi (masalan, shakar va o‘simlik moyi); guruch narxlarining qimmatlashishi iste’mol bozoridagi ushbu mahsulot hajmining kamayishi hamda ishlab chiqaruvchilar va sotuvchi tadbirkorlar tomonidan mavsumiy qurg‘oqchilik, shuningdek, sholi ekin maydonlarining qisqartirilishi oqibatida kutilayotgan taxminlar keltirib o‘tildi.

Milliy valyuta qiymatining mustahkamlanishi hamda bir qancha tashqi savdo omillari natijasida import qilinuvchi mahsulotlar va ayrim turdagi xizmatlar narxlari, shuningdek, inflyasiya darajasi oshib ketmagan. Qurilish materiallari narxlarining qimmatlashishi esa ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlar o‘z mahsulotlari narxlarini oshirishlari natijasida vujudga kelgan va bu o‘z navbatida iqtisodiyotga nisbatan inflyasiya bosimining ortishi bilan bir qatorda uning o‘sishiga 0,8% (yoki, o‘tgan 8 oy davomida inflyasiyadagi umumiy ulushi miqdori 12,9 %) darajada ta’sir qilgan.

«GM Uzbekistan AJ korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarning chakana sotish narxlarining o‘rtacha 7,7% ga oshirilishi respublikaning umumiy inflyasiya darajasiga 0,05 % miqdorida ta’sir qildi», — deyiladi hisobotda.