Bilasizmi?

Garovga qo‘yiladigan narsa va kafil bo‘ladigan odamsiz bankdan kredit olish mumkinmi?

Aholi bandligini ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishini tashkil etish, shaxsiy tomorqa uchastkalarida mahsulot yetishtirish va chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun banklar tomonidan tuman (shahar)dagi sektor rahbari, tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari – xotin-qizlar qo‘mitasi hamda mahalla fuqarolar yig‘ini raislari tomonidan beriladigan tavsiyanoma asosida aholiga mikrokreditlar ajratiladi.

Bunda banklar ichki kredit siyosatiga muvofiq qarz oluvchilarga ta’minot turlaridan birini (garov, kafil, sug‘urta polisi) talab qilmasdan blankli (ishonchli) kredit berish huquqiga ega, deb xabar qiladi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.

Shu yo‘l bilan 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan, eng kam ish haqining 100 baravari miqdorigacha (18 430 000 so‘mgacha) yillik 7 foiz stavkada 3 yil muddatga mikrokredit olish mumkin.

Mazkur mikrokreditlar pul o‘tkazish yo‘li bilan ajratiladi. Shu bilan birga maqsaddan kelib chiqqan holda mikrokredit summasining 30 foizi miqdoridagi qismi naqd pul ko‘rinishida berilishi mumkin.