Davlatga tegishli bo‘lgan ob’yektlarni sotish va ijaraga berish tartibi joriy etiladi. Undan tashqari xususiylashtirilgan, lekin samarali foydalanilmayotgan ob’yektlar mulkdorlariga nisbatan keskin ta’sir choralari qo‘llaniladi.
Bu haqida O‘zbekiston prezidentining 4 sentyabrda qabul qilingan “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida aytib o‘tilgan.
Qarorda xususan, shunday deyilgan:
2018 yil 15 sentyabrdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) davlat mulki bo‘lgan foydalanilmayotgan ob’yektlar o‘rnatilgan tartibda sotiladi, davlat-xususiy sheriklik asosida, shu jumladan, ijaraga beriladi;
b) foydalanilmayotgan ob’yektlar mulkdorlari – yuridik shaxslarga quyidagi ta’sir choralari qo‘llaniladi:
- soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni umumbelgilangan tartibda to‘lashga o‘tkazish;
- mol-mulk va yer soliqlarini ikki karra miqdorda to‘lash, 6 oy o‘tgandan so‘ng – besh karra, 12 oy o‘tgandan so‘ng va keyinchalik – o‘rnatilgan stavkaga nisbatan o‘n karra miqdorda to‘lashga o‘tkazish;
- qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalar amal qilishini to‘xtatish.
Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.