Fermer xo‘jaligi yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkalari ajratish tartibi Yer kodeksi, Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonun va Yer uchastkalarini fermer xo‘jaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomi asosida amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.
Yer kodeksida fermer xo‘jaliklariga yer uchastkalari:
- ochiq tanlov asosida;
- o‘ttiz yildan ellik yilgacha bo‘lgan muddatga;
- zaxira yerlari yoki qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan ajratilishi nazarda tutilgan.
Fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasining o‘lchami yer uchastkasini beradigan organ tomonidan har bir muayyan holatda mahalliy sharoitlarni, shuningdek fermer xo‘jaligida ishlovchilar sonini hisobga olgan holda belgilanadi.
Yer uchastkalarini fermer xo‘jaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasini olishda fermer xo‘jaligi tashkil etilayotgan joyda yashovchi shaxslar, shuningdek, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashining birgalikda berilgan tavsiyasiga ega bo‘lgan yosh fuqarolar boshqa teng sharoitlarda ustuvor huquqdan foydalanishi belgilangan.
Fermer xo‘jaliklariga yer ajratish fermer xo‘jaligining ma’lum bir faoliyat yo‘nalishga ixtisoslashganini inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Xususan, chorvachilik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi xo‘jalikning biznes rejasida nazarda tutilgan kamida 30 shartli bosh chorva mollarini boqish shartlari bilan tashkil etiladi.
Bunda fermer xo‘jaligiga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami har bir shartli bosh chorva moliga hisoblanganda:
Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi sug‘oriladigan yerlarda – kamida 0,30 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xo‘jaliklari uchun 0,5 gektarni);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlaridagi sug‘oriladigan yerlarda – kamida 0,45 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xo‘jaliklari uchun 0,6 gektarni);
sug‘orilmaydigan (lalmikor) yerlarda – kamida 2 gektarni tashkil etadi.
Dehqonchilik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashayotgan fermer xo‘jaliklariga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami, quyidagicha belgilangan:
paxtachilik va g‘allachilik uchun – kamida 30 gektar;
g‘allachilik va sabzavotchilik uchun - kamida 10 gektar
bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlar yetishtirish uchun – kamida 1 gektarni hamda ko‘pi bilan 5 gektar.
Fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalari ajratish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1. Tuman hokimi yuridik va jismoniy shaxslarga berilmagan qishloq xo‘jaligi maqsadidagi yerlardan va (yoki) zaxiradagi yerlardan yer uchastkalari ajratish to‘g‘risida, shuningdek ushbu yerlarni fermer xo‘jaliklariga berish bo‘yicha tanlov o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi (e’londa yer uchastkasining o‘lchami, joylashgan joyi, sifati va boshqa tavsiflari, tashkil etilayotgan fermer xo‘jaligining mo‘ljallanayotgan ixtisoslashuvi, tanlovning o‘tkazilish vaqti va joyi ko‘rsatilishi lozim).
2. Yer uchastkalari berish to‘g‘risidagi ariza tashkil etilayotgan xo‘jalikning biznes-rejasi yoki faoliyat dasturi ilova qilingan holda tanlov e’lon qilingan kundan boshlab bir oy mobaynida tuman hokimiga beriladi.
3. Tuman hokimi arizalarni tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga yuboradi. Kengash ikki kun mobaynida arizalarni ko‘rib chiqadi va ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha xulosa chiqarib, xulosani arizalar bilan birgalikda yer maydonlarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha tuman komissiyasiga yuboradi. Xulosa asosida, komissiya fermer xo‘jaligiga yer uchastkalari berish bo‘yicha tanlov o‘tkazadi.
4. Yer maydonlarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha tuman komissiyasining qarori protokol bilan rasmiylashtiriladi va barcha hujjatlar, shu jumladan tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining xulosasi bilan birgalikda ko‘rib chiqish uchun xalq deputatlari tuman Kengashiga yuboriladi.
5. Xalq deputatlari tuman Kengashi eng yaqindagi sessiyada tuman komissiyasi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi, ushbu qaror tuman hokimiga yuboriladi.
6. Tuman hokimi xalq deputatlari tuman Kengashining ijobiy qarori asosida uch kun mobaynida fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasi berish to‘g‘risida qaror chiqaradi va uch kun muddatda ushbu qarorni tasdiqlash uchun viloyat hokimi boshchilik qiladigan yer maydonlarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha viloyat komissiyasiga yuboradi.
7. Viloyat hokimi boshchilik qiladigan viloyat komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi va tuman hokimining fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasi berish to‘g‘risidagi qarorini tasdiqlash (yoki tasdiqlashni rad etish) haqida qaror qabul qiladi.
Tasdiqlashni rad etish to‘g‘risidagi qaror ikki holatda qabul qilinadi: tanlovni o‘tkazish shartlari buzilgan taqdirda yoki yer uchastkasini ijaraga berish tartibining qo‘pol ravishda buzilishlari aniqlangan hollarda. Boshqa holatlar tasdiqlashni rad etish qaror qabul qilinishi uchun asos bo‘la olmaydi.
Tuman hokimining fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasi berishni rad etish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga shikoyat qilinishi mumkin.
Tuman hokimi tomonidan fermer xo‘jaligiga ijaraga yer uchastkasi berish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tomonidan besh kun muddatda namunaviy shaklga muvofiq yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasi tayyorlanadi. Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi fermer xo‘jaligining boshlig‘i va tuman hokimi tomonidan imzolanadi.