Bilasizmi?

Dunyoning eng badavlat kishilari pul, boylik va muvaffaqiyat haqida

Sizning pullar haqidagi o‘y-fikrlaringiz kelgusida boyib ketish imkoniyatlaringizga ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shunday ekan, moliyaviy cho‘qqilarni zabt etishga ulgurgan shaxslarning pul haqidagi fikrlari muhim ahamiyatga ega ekanligini unutmaylik. Kun.uz dunyoning eng badavlat 15 kishisining pul to‘g‘risidagi so‘zlarini bir maqolaga jamlab, taqdim etdi. Milliarderlarning bu so‘zlari sizning biznes, investitsiya va muvaffaqiyat haqidagi tasavvurlaringizni o‘zgartirishi mumkin.

Mark Sukerberg, Facebook rahbari

"Men hech qachon shunchaki kompaniya yaratishga harakat qilmaganman. Ko‘pchilik daromadlar va shu kabi kirimlar  meni qiziqtirmaydi, deb xato o‘ylashadi. Aslida men uchun "shunchaki kompaniya bo‘lmaslik" haqiqatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, dunyoni o‘zgartiruvchi nimadir yaratishni anglatadi".

Meg Uitmen, Hewlett Packard Enterprise rahbari

"Kichik biznes xuddi eBay kabi kattaroq narsaga aylanganida u zanjirli reaksiyani ishga tushiradi. Buning natijasida esa intellektual kapital, tovarlar va xizmatlar yaratuvchi boshqa kichik kompaniyalar paydo bo‘ladi".

Uorren Baffett, Berkshire Hathaway boshqaruv raisi va rahbari

"Men sizlarga qanday boyib ketish mumkinligini aytaman. Eshiklarni yoping. Boshqalarning ziqnaligi tutganda qo‘rqing va boshqalar qo‘rqayotgan paytda ziqna bo‘ling".

Evan Shpigel, Snap Inc. rahbari o‘z biznesini Facebook kompaniyasiga sotishdan voz kechgani haqida

"Dunyoda bizning biznesimizga o‘xshagan ishni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lganlar juda kam. Bir daqiqalik daromad olish uchun bundan voz kechishning menga umuman qizig‘i yo‘q".

Opra Uinfri, mediamagnat.

"Men uchun pullarning hech qachon birinchi o‘rinda bo‘lmaganligi muvaffaqiyatim siridir".

Mark Blumberg, Bloomberg LP rahbari

"Odamlarga qancha ko‘p pul bersangiz, shuncha ko‘p sarflashadi. Sarflamagan taqdirda esa ularni investitsiyaga kiritishadi. Investitsiya kiritish - ishchi o‘rinlar yaratishning yana bir usuli. Pullar fond yoki banklarga kelib tushadi, ular esa pullardan kreditlar berishda foydalanishadi, bu esa hamma uchun foydali".

Larri Peyj, Alphabet Inc. hammuassisi va rahbari

"Agar pullar biz uchun hayotdagi asosiy maqsad bo‘lganida edi, allaqachon kompaniyani sotib, sohilda toblanayotgan bo‘lardik".

Jeff Bezos, Amazon rahbari

"O‘ylashimcha, ehtiyotkorlik innovatsiyalar rivojiga turtki beradi - xuddi boshqa cheklovchi omillar singari. Noodatiy vaziyatdan chiqishning bir necha usullari mavjud, ulardan biri - buni bajarishning shaxsiy usulini kashf qilish".

Sergey Brin, Google hammuassisi va Alphabet Inc. prezidenti

"Baxtni pulga sotib olib bo‘masligi haqidagi iborani ko‘p eshitganman. Biroq qalbimning tub-tubida baribir oz bo‘lsa-da, pullarning baxtli qila olishiga ishonardim. Aslida esa, bunday bo‘lib chiqmadi".

Jek Ma, Alibaba Group direktorlar kengashi raisi

"Hozirgi davrda istagan kishi yaxshi pul ishlay oladi. Biroq barqaror daromad olish, jamiyat oldidagi mas’uliyatni his qilish va dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirish qiyinroq".

Sara Bleykli, Spanx asoschisi

"Pullar sizni o‘zgartirmaydi, ular sizning aslida kim ekaningizni yuzaga chiqaradi".

Ingvar Kamprad, IKEA asoschisi

"Men biroz ziqnaroqman, nima bo‘libdi? Biror narsaga pul sarflamoqchi bo‘lsam, o‘zimga o‘zim savol beraman - IKEA xaridorlarining ham shunday qilishga imkonlari bormikan... Men doimo birinchi toifa bilan uchishim mumkin, biroq pulning ko‘pligi uni behuda sarflashga sabab bo‘la olmaydi. Yaxshi yetakchi boshqalarga ibrat bo‘lishi lozim. IKEA'ning barcha xodimlari uchun ibrat bo‘lish esa mening burchimdir".

Jorj Soros, Soros Fund Management

"Umuman olganda moliyaviy bozorlar haqida oldindan bir nima deb bo‘lmaydi... Hodisalarni oldindan bashorat qilish g‘oyasining o‘ziyoq mening bozor haqidagi tasavvurlarimga to‘g‘ri kelmaydi".

Maykl Dell, Dell Inc. rahbari

"Strategiyani ishlab chiqqunga qadar eng avvalo biznes iqtisodiyotini tushunish kerak, deb hisoblayman. Agar siz buni noto‘g‘ri tartibda bajarsangiz, muvaffaqiyatsizlikka uchrashingiz mumkin".

Sheldon Adelson, Las Vegas Sands Corporation direktorlar kengashi raisi va rahbari

"Men hech qachon boyib ketishni orzu qilmaganman. Buni hatto xayolimga ham keltirmaganman. Men faqat bir narsani - o‘z hayotimda nimagadir erishishni istardim".