Bilasizmi?

Dunyoni qutqarishga bel bog‘lagan 5 milliarder

Pul bo‘lsa, changalda sho‘rva!

Yashirishga hojat yo‘q: bu dunyoda pul hamma narsani emas, lekin ko‘p narsani hal qiladi. Shunday ekan, pulning yetarli bo‘lgani ma’qul. Ayrim kishilar boyib, bor budini o‘z manfaatlari va huzuri uchun sarflaydi. Nima ham derdik, oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich, deyishgan. Peshana teri bilan topgan boyligini o‘zi istagancha istifoda etishga haqli. Ammo dunyoda shunday boylar ham borki, ularning sivilizatsiyani rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari tahsinga loyiq. Keling, quyidagi ro‘yxatga nazar tashlab, ana shunday boylar va ular erishgan yutuqlar bilan tanishamiz.

Ilon Mask: Temir odam

45 yoshda, AQSh. Boyligi: 10,7 milliard dollar

Ilmiy fantastikaga oshno bo‘lib o‘sgan Ilon Mask o‘zining olamshumul loyihalari bilan allaqachon butun dunyoning og‘ziga tushgan. Cimpsonlar oilasi haqidagi multfilmning bir seriyasi aynan unga bag‘ishlangan. Shuningdek, Ilon Maks superqahramon – Temir odamning tirik prototipidir.

Yutuqlari

Ilon Maks boshchiligidagi SpaceX dasturi doirasida sun’iy yo‘ldoshlar uchirilmoqda. 2019-2024 yillar oralig‘ida 4,5 mingga yaqin sun’iy yo‘ldoshni fazoga yo‘llash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Ilon Maks PayPal onlayn to‘lov tizimi mualliflaridan biridir, uning Tesla Motors kompaniyasi elektromobillar ishlab chiqaradi, SolarCity kompaniyasi esa quyosh batareyalari yetkazib berish bo‘yicha Shimoliy Amerika mintaqasida yetakchi hisoblanadi. 2015 yilda Ilon Maskning xayriya jamg‘armasi sun’iy ong bilan bog‘liq loyihalar uchun Insoniyat kelajagi institutiga 10 million dollar ajratdi.

Dunyoni qutqarish rejasi

Maskning rejalari ulkan. Masalan, Tesla Motors kompaniyasida oddiy boshqaruvdan o‘n karra xavfsizroq avtopilotni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi va dunyoning yirik shaharlarida haydovchisiz avtomobillar parklarini ochmoqchi. Hyperloop vakuum poyezd loyihasiga ko‘ra, yo‘lovchilar soatiga 1220 kilometr tezlikda – samolyotdan-da tezroq – manziliga yetkazib qo‘yiladi. To‘rt mingdan ortiq sun’iy yo‘ldoshni fazoga uchirishi orqali internetning yanada tezroq ishlashini ta’minlashga erishish rejalashtirilgan.

Ilon Maskning eng asosiy maqsadi – Marsni egallashga imkon beradigan fazoviy transport tizimini yaratish. Marsga ilk parvoz 2025 yilda amalga oshishi kutilmoqda. Hozircha ko‘pchilik Maskning ushbu loyihasiga shubha bilan qaramoqda. Aytish kerakki, odatda uning loyihalariga shubha bilan qarashadi, ammo u har doim rejasining uddasidan chiqadi.

Ilon Maskdan iqtibsos

“Insonlar Yerni tark eta olar ekan, demak, kelajagimiz sayyoramiz chegaralarining narigi tomonida”.

“Oddiy odamlarning har doim nooddiy bo‘lish uchun imkoni bor – hamma gap shaxsiy tanlovda”.

Bill Geyts: saxovatpeshalik bo‘yicha rekordchi

61 yosh, AQSh. Boyligi: 86 milliard dollar

Microsoft  kompaniyasi asoschilaridar biri, axborot texnologiyalari sohasida inqilob yasagan va kompyuterlarni kundalik hayotimizning bir parchasiga aylantirgan Bill Geyts xayr-saxovat bobida ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lmoqda.

Yutuqlari

Uni saxovatpeshalar orasida rekordchi deyish mumkin: Bill Geyts rafiqasi bilan asos solgan jamg‘armaga shu paytgacha 28 milliard dollardan ortiq mablag‘ o‘tkazdi. 2010 yilda u Uorren Baffet bilan “Tortiq qasami” deb nomlangan kampaniya boshlab, milliarderlarni boyliklarining kamida yarmini ezgu ishlarga sarflashga da’vat etdi.

Dunyoni qutqarish rejasi

Er-xotin Geytslar boyliklarining 95 foizini xayriya uchun sarflash niyatida. Bill va Milanda Geyts jamg‘armasi millionlab kishilar hayotini qutqarishga yordam beruvchi yangi vaksinalar ixtirosiga yo‘naltirilgan sog‘liqni saqlash sohasidagi tadqiqotlarni moliyalashtiradi. Jamg‘arma nochor mamlakatlarda o‘lim holatlarini kamida 80 foizga kamaytirish hamda bezgak, poliomiyelit va OITSni tugatishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan. Yana bir maqsadi – dunyo bo‘yicha ta’lim tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish.

Bill Geytsning fikricha, energetika sohasidagi qat’iy va shoshilinch choralargina global isishni to‘xtatib qolishi mumkin. U muqobil energiya manbalarini topish va ishlab chiqishga 1 milliard dollar ajratishga va’da bermoqda. Milliarder homiylik qiladigan TerraPower kompaniyasi 2020 yilgacha yarim asr to‘xtovsiz ishlashga qodir yadroviy reaktor prototipini barpo etishni rejalashtirgan.

Bill Geytsdan iqtibos

“Agar kambag‘al bo‘lib tug‘ilgan bo‘lsang, bu sening aybing emas. Ammo shunday holda o‘lsang, bu aniq sening aybing”.

“Muvaffaqiyat – yaramas o‘qituvchi. U aqlli odamlar muvaffaqiyatsizlikka uchrashlari mumkinligini esdan chiqarishlariga imkon beradi”.

“Sizning eng norozi mijozlaringiz – rivojlanishingiz uchun eng yaxshi manbadir”.

Yuriy Milner: o‘zga sayyoraliklarni qidirib

55 yoshda, Rossiya. Boyligi: 2,9 milliard dollar

U rossiyalik milliarderlar boyligini faqatgina neft va gaz evaziga ko‘paytiradi, degan fikrni yo‘qqa chiqarib, birinchilardan bo‘lib yuqori texnologiyalarga qiziqish bildirdi. Ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirishga katta e’tibor qaratadi.

Yutuqlari

Milner Mail.ru asoschisi hisoblanadi, 2016 yilning oxiriga kelib ushbu internet-korporatsiyaning kapitalizatsiyasi 3,65 milliard dollarga yetdi. U hashamatli yaxtalar yoki futbol klublarini sotib olib hammani hayron qoldiradigan rossiyalik boylardan farqli ravishda ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashi bilan nom chiqargan. Masalan, 2012 yilda 3 million dollarlik (Nobel mukofotidan uch baravar ko‘proq) “Fundamental fizika bo‘yicha mukofot”ni ta’sis etdi. Xitoylik milliarder Jek Ma bilan birga “Matematikadagi yutuqlari uchun mukofot”ni ta’sis etgan, bu mukofot ham 3 million dollarlik.

Dunyoni qutqarish rejasi

Milnerning fikricha, fundamental fan va kosmik loyihalarga sramoya kiritish faqatgina davlatning ishi emas. U 2015 yilda koinotni o‘rganishga maqsad qilgan  Breakthrough Initiatives loyihasiga 100 million dollar ajratdi. Bu mablag‘ning katta qismi dunyodagi yirik teleskoplar yordamida o‘zga sayyoralardan signallarni qidirishga sarflanadi. Ayni paytda koinotdan keladigan ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va saqlash faoliyati amalga oshirilmoqda. Sayyoralararo safarlar uchun kemalar loyihasiga ko‘ra, kosmik apparatlarning hajmi anchagina kichraytirilishi kerak. Katta kemalar kerakli tezlikka chiqa olmaydi, shuning uchun nanoo‘lchamli apparatlar zarur. StarChip nanokemasi esa soatiga 160 million kilometr tezlikda harakatlanishi kutilmoqda, bu kema yordamida o‘zga sayyoralarda hayot bor-yo‘qligi tekshiriladi. Masalan, StarChip eng yaqin yulduz bo‘lmish Alfa Sentavrga 20 yil davomida yetib boradi, u yerda hayot bor-yo‘qligi haqidagi ma’lumotni yana 4 yil kutamiz. O‘zga sayyoraliklar bilan uchrashishni 100 yildan beri kutamiz, yana ozroq kutsak, hech narsa qilmaydi.

Yuriy Milnerdan iqtibos

“Kelgusida internetga kirib, odam bilan yoki sun’iy ong bilan muloqot qilayotganingizni bila olmaysiz”.

Mark Sukerberg: hammani tarmoqqa tortish

32 yoshda, AQSh. Boyligi: 55,5 milliard dollar

Sukerberg avvaliga Garvard universiteti talabalari uchun yaratgan Feysbukdan bugun butun dunyo foydalanmoqda. Dunyoda hech kim u kabi tez boyimagan. Ta’kidlash kerakki, Sukerberg boyligining kattagina qismi xayriya ishlariga sarflaydi.

Yutuqlari

Mark Sukerberg “Forbs” jurnali tuzadigan eng boylar ro‘yxatiga ilk bor 2008 yilda kirgan edi, o‘shandan beri uning boyligi 37 baravar ortdi. U “Tortiq qasami” kampaniyasiga qo‘shilgan bo‘lib, daromadining 50 foizini xayriyaga ajratadi. 2015 yilda qizi Maksiga tug‘ilganidan keyin Feysbuk asoschisi aksiyalarining 99 foizini rafiqasi bilan ochgan “Chan-Sukerberg tashabbusi” xayriya jamg‘armasiga o‘tkazishini ma’lum qildi.

Dunyoni qutqarish rejasi

Er-xotin Sukerberglarning ikki asosiy maqsadi bor: inson salohiyatini orttirish va tenglikni qo‘llab-quvvatlash. Birinchisi ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, ijtimoiy tarmoqlar yordamida insonlar va g‘oyalarni birlashtirish, ekologik sof energiya manbalari yaratishni o‘z ichiga oladi. Ikkinchisi esa har bir kishining bu yutuqlardan foydalana olishini ta’minlash.

“Chan-Sukerberg tashabbusi” ana shu maqsadlarni amalga oshirish uchun tuzilgan. Avvaliga jamg‘arma ta’lim loyihalari bilan shug‘ullanar edi, biroq 2016 yilda loyihaning yangi yo‘nalishi – Chan Zuckerberg Science e’lon qilindi: tibbiyot va biomuhandislik sohalaridagi fundamental tadqiqotlar uchun 3 milliard dollar yo‘naltiriladi. Er-xotin Sukerberglar insoniyatni yurak-qon tomir, yuqumli, nevrologik va onkologik kasalliklardan qutqarishni orzu qilmoqda.

Mark Sukerbergdan iqtibos

“Ijtimoiy tarmoqlar do‘stlikning muqobili emas, davomidir”.

Jek Ma: biznes bilimdoni

52 yoshda, Xitoy. Boyligi: 28 milliar dollar

U dunyodagi eng yirik savdo korporatsiyalaridan biri hisoblanuvchi Alibaba Group asoschisidir. Jek Ma oqil va saxavatpesha rahbar hisoblanadi – xodimlari o‘z orzularini amalga oshirish uchun ishlashini istaydi.

Yutuqlari

Jek Ma 1990-yillarning oxirida xitoylik o‘rta va kichik tadbirkorlar uchun yaratgan onlayn savdo maydoni nafaqat Xitoy, balki butun dunyoda texnologik va iqtisodiy yangilik bo‘ldi. Alibaba Group daromadining bir qismini atrof muhitni asrash va iqlim o‘zgarishlariga qarshi dasturlarga sarflaydi. Shuningdek, Ma ayollar huquqlari uchun ham kurashadi: uning kompaniyalarida ishlaydiganlarning 50 foizini, boshqaruvdagilarning 30 foizini ayollar tashkil etadi.

Dunyoni qutqarish rejasi

Jek Ma 2010 yilda Alibaba xayriya jamg‘armasiga asos soldi, 2014 yilda esa rafiqasi bilan birgalikda Alibaba group aksiyalarining 2 foizini ana shu jamg‘arma ixtiyoriga topshirdi. Mablag‘lar tabiiy ofatlardan aziyat chekkanlarga va ekologiya dasturlariga sarflanadi. Maning fikricha, Xitoydagi ekologiyani yaxshilash uchun jiddiy odimlar otilishi zarur. “Xitoyda toza ichimlik suvi, havo bilan bog‘liq muammolar sabab 10-20 yildan keyin sog‘liqni saqlash sohasida ko‘plab muammolar, saraton kasalliklarining ortishi bilan yuzlashamiz. Shuning uchun ham ekologiya men pulimni va vaqtimni sarflash uchun tayyor bo‘lgan sohalardan biridir. Bundan tashqari, madaniyat va ta’limga ham alohida e’tibor qaratmoqchiman. Aks holda yosh xitoyliklarning cho‘ntagi chuqur, lekin aqli yuzaki bo‘ladi”.

Jek Madan iqtisob

“Men Bill Geyts bilan pulni xayriyaga samaraliroq sarflash bo‘yicha raqobat qilaman”.

“Global muammolarni davlat yechib berishini kutish – utopiya. Ularni o‘zimiz hal qilishimiz kerak”.

“Sayyoramizda internet bilan nafas oladigan, internet bilan yeb-ichadigan millionlab yoshlar bor. Ana o‘shalar bizning umidimiz”.

Manba: Sof.uz