Demokratiya eng zo‘r nomzodni emas, eng ko‘p ovoz olgan nomzodni tepaga olib keladi
Agar ko‘pchilikni o‘ziga og‘dira olsa, hatto masxaraboz ham prezident bo‘lishi mumkin ekan.
Demokratiyaning kamchiliklaridan biri bu. Ya’ni, ko‘pchilikning ovozi masalani hal qiladi. Ko‘pchilik esa noto‘g‘ri qaror qabul qilishi mumkin.
Nega ko‘pchilik Trampni tanladi?
Muhojirlar va musulmonlarni kamsitgan, ayollarni haqoratlagan va hatto ularga jinsiy tajovuz qilgani aytilgan va boshqa ko‘plab jiddiy ayblovlarga duchor bo‘lgan odam nega prezident etib saylandi? Bu amerikaliklarning yarmidan ko‘pi musulmonlarni yomon ko‘radi va ularning mamlakatdan quvilishini istaydi, degan xulosani beradimi? Menimcha, yo‘q.
Birinchidan, bu xalqning hozirgi holatdan va boshqaruvdan keskin norozi ekanini va xalq mavjud rejim vakilidan boshqa har qanday odamni qabul qilishga tayyor ekanini ko‘rsatdi. Kim bo‘lsa bo‘lsin, lekin eskilar tepaga kelmasin, degan qarash kuchli.
Ikkinchidan, demokratlar Tramp solayotgan tahdidni jiddiy ko‘ra olmadi.
Respublikachilarning bo‘linib ketgani ustidan kulib keldi va Klinton osonlikcha uni mag‘lub qilishiga ishondi. Ammo boshidan hammani ajablantirib va yengib kelgan Tramp oxirgi kungacha shu an’anasini davom ettirdi.
Demokratlar Berni Sandersni nomzod qilib ko‘rsatganda, Trampni yengish imkoniyati juda katta edi. Chunki Sandersda aynan Trampdagi kabi ko‘pchilikni o‘ziga qarata oladigan, haqiqatni ochiq va keskin ayta oladigan joziba bor edi. Sandersning poygani tark etgani, aksincha, demokratlarni bo‘lib tashladi. Saylovda har tomonlama respublikachilar mutloq g‘alaba qozondi. Senatda ham, Vakillar palatasida ham ular ustunlikni saqlab qoldi. Eng muhimi, Oq uyni qo‘lga kiritishdi.
Uchinchidan, Trampda ko‘pchilikka yoqadigan takliflar ham bor edi. Masalan, AQShni tashqi siyosatda "hammaning ishiga burun suqishi"ga chek qo‘yish, dunyoni politsiyachidek kuzatmaslik va birovlarning urushlariga aralashmaslik kabi. Trampga ovoz berganlar orasida mana shu gap-so‘zlarni yoqlab, uning boshqa ayblaridan ko‘z yumganlar ko‘p bo‘ldi.
AQSh xalqi shokda
Amerikadagi hozirgi vaziyat Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan ajralib chiqish haqida qaror berishidan keyingi holatga o‘xshab ketadi. Chunki xalq qanday olov bilan o‘ynashayotganini kech tushunib yetdi.
Tramp shu paytgacha ko‘ngilochar dasturlarni olib borgan "shoumen" sifatida tanilgan. Uning chiqishlarini odamlar xuddi komediya ko‘rgandek miriqib tomosha qilishdi. Unga qarshi bo‘lganlar ham Trampning saylov kampaniyasini kuzatib zavqlandi. U qaysidir darajada do‘stu-dushmanning, hammaning yoqimtoyiga aylandi. Bilib-bilmay, shu yoqimli shouning davom etishini istab, shu paytgacha uni qo‘llab kelganlar ko‘p bo‘ldi va ularning ko‘zi endi moshdek ochiladi. Nima qilib qo‘yganlarini endi payqashyapti. Shou davom etadi, lekin endi bu telekanalda emas, hayotda bo‘ladi.
Endi nima bo‘ladi?
AQSh ichki siyosatida jiddiy o‘zgarishlarni kutish qiyin. Tramp ko‘plab radikal o‘zgarishlarni taklif qilgan bo‘lsa ham, hatto respublikachilar hukmron Kongressning bu o‘zgarishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini kutish qiyin.
Tramp Obamaning bir qator farmonlarini bekor qilishi mumkin, ammo Kongress tasdig‘ini talab qiladigan ko‘plab masalalarda murosaga borishga majbur.
Muhojirlar, oz sonli elatlar va musulmonlarga qarshi rasmiy darajada ayirmachilik siyosati olib borilmaydi. Hukumatdan mustaqil sud hokimiyati bunga yo‘l bermaydi.
Ammo Tramp tarafdorlari orasida musulmonlarga qarshi, oz sonli boshqa elatlarga va muhojirlarga qarshi salbiy kayfiyat, irqchilik yanada kuchayishi mumkin va eng qo‘rqinchlisi shunda.
Tashqi siyosatda jiddiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Chunki AQSh prezidentlari, odatda, tashqi siyosatlarini yuritishda ko‘proq mustaqillikka ega bo‘ladi.
Tramp xalqaro mojarolarga ko‘p aralashmaslik, AQShni politsiyachi rolini bajarish vazifasidan ozod qilish, xavfsizlikni ta’minlash mas’uliyatini va xarajatini har bir davlat yoki ittifoqchining o‘ziga yuklash kabi jiddiy takliflarni olg‘a surgan. Bular, agar amalga oshsa, an’anaviy AQSh tashqi siyosatida tub burilishlarga sabab bo‘ladi. Ammo bu o‘zgarishlar AQSh hamda global hamjamiyat uchun ijobiy bo‘ladimi yoki salbiymi, hozircha bu haqda bir narsa deyish qiyin.
Lekin shunisi aniqki, Kremlda bugun bayram.