Bilasizmi?

Davlat soliq qo‘mitasi tadbirkorlik sub’yektlarini pasportlashtirmoqda

2018 yilning 1 oktyabridan boshlab davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun asos bo‘ladigan ko‘zdan kechirish dalolatnomasini tuzish orqali soliq to‘lovchilarning pasportlashtirilishining yuritilishi belgilangan.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan mazkur qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ularning ijrosiga kirishildi. Ayni paytda tajriba sinov tariqasida Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani hududida joylashgan 54ta mahallada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlarining pasportlarini tuzish, belgilangan joyida mavjudligi, haqiqatda shug‘ullanayotgan faoliyat turini o‘rganish, hisobotdagi va amaldagi ishchilar sonini solishtirish, noqonuniy va hujjatsiz faoliyat yuritayotganlarni aniqlash va ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Mirzo Ulug‘bek tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan mazkur tadbirlarda ishtirok etish uchun Toshkent shahar moliya bo‘limi, tumanda joylashgan tijorat banklari hamda davlat soliq boshqarmasi va inspeksiya xodimlaridan iborat 17ta ishchi guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, jami 170 nafar xodim ushbu faoliyatga jalb etilgan.

O‘tkazilgan o‘rganish ma’lumotlariga ko‘ra, tumanda jami 7891ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 6167tasi yuridik shaxs va 1724tasi yakka tartibdagi tadbirkorlarni tashkil etadi.

Ishchi guruh a’zolari tomonidan 19avgust holatiga jami 6083ta tadbirkorlik sub’yektlarining pasportlari tuzilib, ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan.

Shundan, faoliyat turlari bo‘yicha – chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar 1172tani, umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar 342 tani, ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar 576tani, qurilish faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar 238tani, xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar 2554tani va yakka tartibdagi tadbirkorlar 1 035 nafarni tashkil etadi.

Shuningdek, belgilangan tartibda o‘tkazilgan pasportlashtirish jarayonida 166 nafar fuqaroning davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi aniqlanib, ularga belgilangan muddatlarda davlat ro‘yxatidan o‘tishi to‘g‘risida ogohlantirish xatlari berilgandan keyin yana 108 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, savdo, ishlab chiqarish, qurilish hamda xizmat ko‘rsatish korxonalarini pasportlashtirish jarayonida 1070 nafar fuqaroning norasmiy ravishda ishlayotganligi hamda 277 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar tasarrufida 507 nafar fuqaroning tegishli hujjatsiz yollangan asosda mehnat qilayotganligi aniqlandi.

Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi natijasida soliqlarni to‘lashdan muntazam ravishda bo‘yin tovlayotgan shaxslarni, shuningdek, soliqqa oid huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi omillarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash va tahlil qilish hamda ularga barham berish choralari ko‘riladi.