Bilasizmi?

Davlat rahbarlari qancha maosh oladi?

Jahon mamlakatlarining rahbarlari qancha maosh olishi doim ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lib kelgan. “Statista” tadqiqot markazi olib borgan tahlillar natijasida eng ko‘p maosh oluvchi siyosatchilar reytingi tuzildi, deya Qalampir.uz xabar bermoqda.

Reytingning yuqori pog‘onasini AQShning amaldagi prezidenti Barak Obama egalladi. U yiliga 400 ming AQSh dollari ishlab topadi.

Ikkinchi o‘rin Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudoga nasib etdi. Siyosatchi yiliga 260 ming AQSh dollari maosh oladi.

Uchlikni Germaniya kansleri Merkel xonim yakunladi. Ayollar orasida ko‘zga ko‘ringan siyosatchilardan bo‘lgan Angela Merkel yiliga 234 ming AQSh dollari ishlab topsa-da juda kamtarona hayot kechiradi.

Keyingi qatorni JAR prezidenti Jeykob Zuma egalladi. Uning maoshi yiliga 223 ming dollarni tashkil etadi.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey hukumat tepasiga kelganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. U 215 ming dollar daromadi bilan keyingi pog‘onadan joy olgan.

Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe 203 ming AQSh dollari miqdoridagi daromadi bilan oltinchi o‘rinda qayd etilgan.

Bugun O‘zbekiston tashrif buyurishi kutilayotgan Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an mazkur reytingda 7-o‘rinni egalladi. Uning daromadi yiliga 197 ming AQSh dollarini tashkil etadi.

Fransiya prezidenti Fransua Olland yiliga 194 ming dollar miqdorda maosh oladi. Fransua Olland reytingning 8-qatorida.

9-o‘rin Rossiya rahbari Vladimir Putinga nasib etdi. Uning maoshi 136 ming AQSh dollarini tashkil etadi.

O‘nlikni Italiya Bosh vaziri yakunlab berdi. Matteo Rensining yillik maoshi 125 ming dollarni tashkil etadi.