Buyuk Britaniya Jizzax neftni qayta ishlash zavodi qurilishini moliyalashda ishtirok etishi mumkin. Britaniya Eksportni moliyalash agentligi (UKEF) o‘zining ushbu loyihaga qiziqishi borligini bildirdi. O‘zbekiston va Britaniya orasida ushbu boradagi muzokaralar 2018 yilning aprel oyida Londonda energetika forumida bo‘lib o‘tgan edi.
Ushanda, "O‘zbekneftegaz" tomonidan Londonda tashkil qilingan "O‘zbekistonning neft va gaz sohasidagi sarmoyalar salohiyati" forumida Jizzaxda zamonaviy neftni qayta ishlash zavodi qurish loyihasi taqdim etilgan edi. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, bu respublika uchun geosiyosiy jihatdan muhim loyiha bo‘lib, u yiliga 5 million tonna neftni qayta ishlashi mumkin.
Yangi neftni qayta ishlash zavodining yutug‘i shundaki, u neftni Qozog‘iston va Rossiya konlaridan quvur orqali oladi. Omsk — Pavlodar — Chimkent neft quvuri Jizzax viloyatidan 100 km masofada joylashgan. Bu zavodga o‘ta kam xarajat bilan neft yetkazib berish imkonini beradi.
Loyihaga muvofiq zavod yiliga 3,1 million tonna motor moyi, 1 million tonnadan ortiq aviatsiya kerosini, suyultirilgan gaz, mazut, bitum va mahsulotlar ishlab chiqaradi. Shuningdek zavodda 2 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.
Majmuani loyihalashtirish Wood — Amec Foster Wheeler kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Loyihaning xalqaro maslahatchilari quyidagi kompaniyalar bo‘ladi: White & Case — yuridik masalalar bo‘yicha, Argus Media — marketing bo‘yicha, "Gazprombank" — moliyalash bo‘yicha, ERM — ekologiya bo‘yicha.
Bugungi kunda ushbu loyihani moliyalashtirish bo‘yicha koreyaning Eksimbanki, Xitoy rivolanish davlat banki, "Gazprombank" va Credit Swiss banklari bilan umumiy shartnomalar tuzilgan.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya UKEF orqali O‘zbekistonda neft va gaz sohasida 1,25 mlrd. funt sterling (1,7 mlrd. dollar) miqdoridagi loyihalarni sarmoyalashtirishni rejalashtirgan. Bir oy oldin Britaniya agentligi va O‘zbekiston Taraqqiyot va rivojlanish fondi orasida shartnoma imzolangan edi.