U hech qachon oshpaz bo‘lishni orzu qilmagan. U bolaligida sportchi bo‘lishni istardi. Uning oshpazlik kasbida tanilaman, shaxsiy biznesimni yo‘lga qo‘yaman, degan rejasi ham bo‘lmagan. O‘qituvchilar oilasida tug‘ilgan qahramonimiz nonvoylik, somsapazlik, keyinroq oshpazlikni o‘tkinchi ish, vaqtinchalik tirikchilik manbai, deb bilardi. Bugun esa bu kasb hayotning ajralmas qismiga aylandi! Bir necha tamaddixonalar, kafelar ochdi.
O‘zini eng zo‘r oshpaz, deb hisoblamaydi. Oshpazlikni ijod deb biladi. Istagan odam astoydil harakat qilsa, zo‘r oshpaz bo‘la oladi, deb hisoblaydi.
“Muvaffaqiyat formulasi” loyihasining ilk qahramoni oshpaz, “oshxona.uz” kafelar tarmog‘i va “Chustiy`s cuisine” tamaddixonasi asoschisi, “O‘zbek oshxonasi rassomi” Bahriddi Chustiy.
-Chust deganda Namangan viloyatidagi mashhur tuman, chust do‘ppilari, pichoqlari, qolaversa mashhur ijodkorlari ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Yaqin yillardan beri Chust oshxonasi ham tilga tushdi. Bunda, albatta, Baxriddin Chustiyning o‘ziga xos o‘rni bor. Oshpazlik sohasiga kirib kelishingiz haqida....
Bolalikda, avval aytganimdek, oshpaz bo‘lishni umuman orzu qilgan emasman, oilamizda ham umumiy ovqatlanish sohasida ishlaydigan odam bo‘lmagan. Uydagilar o‘qituvchi bo‘lishgan. Bolalik paytlarimda “Ulg‘aysam, sportchi bo‘laman”, degan niyat bor edi. Bilsangiz, 90-yillarda o‘zbek futbolchilari Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgan kezlar edi. Qosimov, Shkvirinlar mashhur bo‘lgan paytlarda deyarli hamma o‘g‘il bolalar futbolchi bo‘lishni orzu qilardi, chamamda.
Taqdir taqazosi bilan 1998 yilda Toshkentga ko‘chib kelganmiz. Otam shaharda novvoyxona ochgan. O‘sha yerdagi novvoylarga men ham yordamlashib yurardim. Keyinchalik uning yoniga somsaxonaga va undan so‘ng oshxonaga aylangan. Tabiiyki, ilk saboqlarni o‘sha yerda olganman.
[caption id="attachment_12513" align="aligncenter" width="680"] Tuxum barak[/caption]
To‘g‘risini aytsam, 2010 yillarga qadar ham oshpazlik kasbiga vaqtinchalik ish deb qaraganman. Daromad topsam, boshqa ish bilan shug‘ullanaman, degan niyat bor edi. Oshpazlikka jiddiy qaramaganman. Shunaqa paytlar ham bo‘lganki, kasbim haqida so‘rashganida oshpaz ekanimni aytishga uyalardim. Bu kasbga negadir ikkinchi darajali kasb, deb o‘ylagan ekanman. Hozir esa aksincha. Karim Mahmudov o‘z kitobida aytganidek, “Har bir kasb egasi o‘z ishi ustida mukammal ishlasa, uni san’at darajasiga olib chiqishi mumkin”. Hozir shu kasbni mukammal o‘rganish harakatidamiz.
-Shu o‘rinda tabiiy savol: Har qanday odam astoydil intilsa, mehnat qilsa, yaxshi oshpaz bo‘la oladimi yoki bunga ham uquv kerakmi?
Umrida kuy bastalamagan odam birdan kuylar yoza boshlasa, bu qobiliyat. Yillar davomida qilingan mehnat va izlanishlar samarasi esa harakatlarning mahsuli, deyish mumkin. Shundan kelib chiqib ayta olamanki, fikri ojizimcha, har qanday odam astoydil mehnat qilsa, o‘rgansa, yaxshi oshpaz bo‘lishi mumkin.
[caption id="attachment_12514" align="aligncenter" width="680"] Uxlash uchun doim joy topiladi.[/caption]
-Har bir odamning, u qaysi soha vakili bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z imzosi, uslubi, o‘ziga xosligi bo‘ladi. Siz bu sohadagi ayricha jihatlariningizni nimada deb bilasiz? Boshqa oshpazlardan ajralib turadigan tomonlaringiz...
Boshqalardan ajralib turadigan ustun tomonim bor, desam nokamtarlik bo‘ladi. Chunki hech qachon zo‘rlikka, birinchilikka da’vo qilmaganman. Menimcha, siz aytmoqchi bo‘lgan jihat—mening internet bilan do‘stlashganimda, bo‘lsa kerak. Ya’ni har bir ishimni yoki qanday yangicha urinishimni internet orqali xalqqa taqdim qilib, ularning fikrlari, taklif va mulohazalarini o‘qishga harakat qilaman.
Birinchi marta 2004 yillarda internetga kira boshlaganman. Bilasizmi, unga juda bog‘lanib, o‘rganib qolganman. O‘sha paytda somsa yopardim. Kun mobaynida topgan daromadimni internet kafeda internetga sarflab, xatto qarz bo‘lib chiqib ketgan kunlarim ham ko‘p bo‘lgan. Keyinchalik esa kunduz kuni oshxonada, kechasi internet kafeda ishlaganmanki, ortiqcha sarf-harajat bo‘lmasin. Uydagilarim o‘shanda internetning zarari haqida ko‘p tanbeh berishardi. Lekin men undan ko‘p narsa o‘rganardim. Bilasizmi, internet pichoqqa o‘xshaydi. Unda jinoyat qilish mumkin yoki shirin taom tayyorlasa ham bo‘ladi. Xuddi shuningdek, internetdan ham turli maqsadlarda foydalanish mumkin. Aynan Chustiy taxallusini ham internet sabab qo‘yganman. O‘sha yillarda turli chatlar, forumlar rivojlanib borayotgandi. O‘sha yerlarga kirib, muloqotlar qilardik. O‘zimga Chustiy nomini qo‘yib, forumlarda ishtirok etardim. Shu bo‘yi Chustiy nomi qolib ketdi.
[caption id="attachment_12515" align="aligncenter" width="680"] Bilasizmi..?[/caption]
-Avvalgi suhbatlarning birida oshpazlikka oid ishlaringizni dastlab ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yishdan boshlab, keyinchalik oshxona.uz saytini tashkil qilganingiz haqida aytgansiz...
Chindan ham turli ijtimoiy tarmoqlarga dastlabki o‘zim tayyorlagan taomlarni rasmga olib, joylab, odamlarning fikrini o‘rganardim. Xolis fikrni bilish uchun o‘zimning taomlarim ekanini aytmasdim. Shu tariqa 2010 yil alohida sayt ochish fikri tug‘ilgan. Unga nom qo‘yish masalasida ko‘p ikkilanganman. Jurnalist Davronbek Tojialiyevning OSHXONA.UZ degan varianti ma’qul kelib, shu nomli sayt ochganman. Bir yildan so‘ng mazkur sayt internet festivalida “Eng yaxshi ixtisoslashgan sayt”, deb topildi. 2012 yilda “Eng yaxshi oilaviy sayt” nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi.
-E’tibor bersak, har bitta taomingizni xo‘rrandalarga taqdim qilishda o‘zgacha, ya’ni ijodiy yondoshishga harakat qilasiz...
To‘g‘ri. Avval boshdan internetga ma’lumotlar yoki taomlar rasmini yuklashda, muhokama sabab bo‘ladigan, hammaning e’tiborini tortadigan, qiziqishlarini ortiradigan uslubla bo‘lishiga e’tibor qaratardim. Bu bora-bora bir uslubga aylandi. Toshkentda “Oshxona.uz” tamaddixonasini ochishda ham bu o‘ziga xoslikni saqlab qolishga harakat qildik. Chunki shaharda raqobat juda kuchli. Har turfa eksperemental urinishlarni xo‘rrandalarga taqdim qilish orqali o‘z mijozlarimizni topishni maqsad qilganmiz. Va buning targ‘ibotiga ham alohida urg‘u berganmiz.
[caption id="attachment_12512" align="aligncenter" width="680"] "O‘zbek" Mona Liza.[/caption]
-Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalaringizni kuzataman, mashhur brendlarga milliy elementlar qo‘shasiz va ularning ko‘pi omadli chiqadi. Bu g‘oyalar muallifi o‘zingizmi yoki bu bilan shug‘ullanadigan alohida guruh bormi?
Dastlab bularni o‘zim tayyorlardim. “TezFood” ochganimizdan keyin esa bunga alohida mutaxassislar jalb qildik. Chunki aynan bu loyihada o‘zbek milliy taomlarini zamonaviy ko‘rinishga ega, tezpishar va qulay iste’mol mahsulotiga aylantirish maqsad qilingan edi. Hozirda mazkur guruh bilan birga taomlarni o‘zga xos ko‘rinishda taqdim etish ustida ish olib boriladi. Shuningdek, turli ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar ham bizga g‘oya berishadi. Masalan, go‘ja bilan Google logotipini uyg‘unlashtirish taklifini qashqadaryolik Jasurbek ismli foydalanuvchi bergan. Yoki Bahrom degan yigit xo‘rdani “Honda” bilan uyg‘unlashtirish g‘oyasini taklif qilgan.
-Xabarimiz bor, siz xorijiy mamlakatlarda ham shu yo‘nalishda faoliyat olib borgansiz va buning nima ekanini yaxshi bilasiz. Umuman u xorijda milliy taomlar restoranining muvaffaqiyati nimalarga bog‘liq?
Menimcha, xorijda milliy taoamlar restoranini ochmoqchi bo‘lgan odam, birinchi navbatda, kam sonli millatdoshlari yoki migrantlarning emas, balki mahalliy aholi ta’bini ham hisobga olishi kerak. Chunki xorijda o‘qiyotgan, pul ishlashga borgan odam restoranlarga kamdan-kam kiradi. Asosiy xo‘rranda esa mahalliy aholi vakillari. Demoqchimanki, taomlarni ham mamlakatning iqlimiga, aholisini ta’biga moslashtirish zarur. Masalan, oddiygina vodiyning devzira guruchi, qo‘y yog‘ilar solib, tayyorlangan osh Buxoroda vodiydagi kabi talabgor bo‘lmasligi mumkin. Umuman, tamaddixona ochishda o‘sha joy odamlarining ta’bi va istaklarini yaxshi o‘rganish zarur. Va yana bir muhim tomoni shundaki, ana shu yangi ovqatlanish majmuasining reklamasiga alohida e’tibor qaratish kerak. Ayniqsa, bunda internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish mumkin.
[caption id="attachment_12519" align="aligncenter" width="680"] Mana, senga olam-olam ovqat, idishingga siqqanicha ol![/caption]
-Xorijliklarning ilk bor milliy taomlarimizni iste’mol qilganidan so‘ng unga munosabatini hech kuzatganmisiz? Umuman qanday qabul qilishadi?
Albatta. Yaqinda xizmat safari bilan Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida bo‘ldim. Aniqrog‘i, o‘sha yerda ochilgan o‘zbek restorani menyusiga o‘zbek milliy taomlarini kiritishga chaqirishdi. Bir kuni restoranga “nozikroq” odam keladi, tezroq shirin taom tayyorlab beringlar, deyishdi. Shunda unga ugraosh tayyorlab berdik. Bu taomni Shahrisabzda Soli aka degan oshpazning mazali ugra oshini ichib, undan ilhomlanib, o‘zim tayyorladim. Shu taomni o‘sha “nozik” xo‘rranda yeb, yana bir necha porsiya uyiga ham olib ketdi. Bu ming bir voqealardan biri. Aytmoqchimanki, xorijda o‘zbek milliy taomlarini yaxshi qabul qilishadi.
Rossiyalik Oleg Nazarov degan mashhur restoran tanqidchisi yurtimizda mehmon bo‘ldi. Shunda u gapni aytdi: “Agar omadli biznes qilmoqchi bo‘lsang, albatta o‘zbek restoranini och. Unga ortiqcha reklama ham kerak emas. Och-da, “O‘zbek taomlari” deb yozib qo‘y. Omading 100 foiz kafolatlanadi..” Albatta, o‘z sohasining ustasi bo‘lgan shaxsning bunday fikri milliy taomlarimizning darajasini, unga bo‘lgan talabning qanchalar yuqori ekanini ko‘rsatib turibdi, deyish mumkin.
[caption id="attachment_12518" align="aligncenter" width="680"] Rossiyalik mashhur restoran tanqidchisi Oleg Nazarov bilan[/caption]
-Sir bo‘lmasa, uyda ham kapgir sizning qo‘ldami yoki bu mas’uliyat butkul kelin zimmasidami?
Avvallari oshpaz bo‘lib ishlaganimda vaqtlarim aniq edi va ma’lum bo‘sh vaqtlarim bo‘lardi. Uyda taomlar ham pishirardim. O‘zim oshxonalar ochganimdan keyin bu tartib buzilib ketdi, ya’ni uyda bo‘lishning aniq vaqti belgilanmagan. Shundan kelib chiqib, baribir, kapgir ayolimning qo‘lida. Bunaqa paytda, ya’ni ishdan xorib-tolib kelgan paytda, kapgir tugul, qoshiq ushlashga ham hol qolmaydi.
-Yangi g‘oyalarga qiziqishingiz kuchli: so‘nggi marta milliy taomlardan jamoangiz bilan yirik O‘zbekiston haritasini yasagan edingiz. Mustaqillikning 25 yillik to‘yiga qanaqa noan’anaviy sovg‘a hozirlayapsiz?
Bilasizmi, anchadan beri bir narsani niyat qilib kelaman. Ya’ni o‘zbek palovini ko‘p miqdorda tayyorlab, Ginnes rekordlari kitobiga kiritish. Xohish va harakatlar bor. Biroq bu juda katta mablag‘ni va vaqtni talab etadi. Rekordga kirish talabiga ko‘ra, guruchli taom bitta qozonda kamida 3 yarim tonna miqdorda tayyorlansa, bu hisobga olinadi. Hozirda shu borada harakat boshlaganmiz.
[caption id="attachment_12517" align="aligncenter" width="680"] Mahsulotlardan tayyorlangan O‘zbekiston xaritasi.[/caption]
Blits-savollar
- Deylik, ho‘rranda taomidan pashsha chiqdi. Sizni chaqirishdi. Nima qilasiz? Variantlar: A. “Men yo‘q deb ayt” deb, bahona qilasiz. V. O‘zingiz chiqib, kechirim so‘raysiz va boshqa ovqat opkeltirasiz S. Yoki chiqmay, ovqatini yangilab berishlarini aytasiz.
O‘zim chiqib, kechirim so‘rab, boshqa ovqat opkeltiraman yoki chiqmay, ovqatini yangilab berishlarini aytaman.
- Siz xushlamaydigan taom?
Xushlamaydigan deya olmaymanu, lekin yoshligimda ko‘p iste’mol qilgan perlovka va grechkali taomlarni kam yeyman.
- Uyga mehmon kelganda: kapgir kimning qo‘lida bo‘ladi? A. O‘zimda V. Ayolimda S. Yaxshici, shogirdni yordamga chaqiraman.
V variant: ya’ni kapgir ayolimning qo‘lida bo‘ladi.
[caption id="attachment_12520" align="aligncenter" width="680"] Biz ham gapiraylik...[/caption]
- Sizningcha eng qo‘li shirin oshpaz kim? Menda bitta variant bor, lekin siznikini eshitmoqchiman.
Har bir kuchli shaxsning ortida ayol turadi, deganlaridek, har bir yaxshi oshpazning ortida Ona turadi, deyish ham mumkin. Chindan ham eng qo‘li shirin oshpaz Onam. Keyin buvim ham juda pazanda ayol bo‘lganlar. Ular tayyorlagan taomlarni ko‘p qumsayman.
- Uydagi taomning mazasi yoqmadi: darrov aytasizmi yoki indamay yeyaverasiz?
Kasb kasalligi: darrov aytaman!
Erkak.uz sayti o‘quvchilariga tilaklaringiz...
Har bir erkak kishi 3 ta taom tayyorlashni bilishi kerak: osh, sho‘rva va kabob. Shundan kelib chiqib, tilagim: erkak.uz foydalanuvchilarining oshlari, sho‘rvalari va kaboblari doim mazali chiqsin!
Muslim Mirzajonov suhbatlashdi.