Bilasizmi?

AQShdagi O‘zbekiston elchixonasi joylashgan bino 20 million dollarga baholandi

AQSh poytaxtining markaziy ko‘chalaridan — Massachusets avenyusidagi O‘zbekiston elchixonasi joylashgan bino 1912 yilda «Titanik» kemasida Yevropadan vatanga qaytayotganda okeanda cho‘kib halok bo‘lgan zodagon Klerens Murga tegishli bo‘lgan. Bu haqda «Amerika ovozi»ga asoslanib, O‘zA xabar berdi.

Vashingtonda 200 ga yaqin elchixona bor. O‘zbekiston elchixonasi AQSh poytaxtining markaziy ko‘chalaridan biri — Massachusets avenyusida joylashgan. Bu yerni «elchixonalar qatori» deyishadi, chunki ko‘plab diplomatik vakolatxonalarga makon. Amerikadagi o‘zbeklar elchixona joylashgan tarixiy bino bilan faxrlanishadi.

1909 yilda qasrga o‘xshab qurilgan bino egasi Klerens Mur, ko‘mir sanoatida mol-dunyo orttirgan zodagonlardan biri bo‘lgan. 1912 yilda u «Titanik» kemasida Yevropadan vatanga qaytayotganda okeanda cho‘kib halok bo‘lgan.

Oila 1927 yilda bu binoni Kanada hukumatiga sotgan. 1993 yilda esa O‘zbekiston uni xarid qilgan.

Bugungi kunda bu imorat taxminan 15—20 million dollar orasida baholanadi.

Elchixonaning ichki ko‘rinishi XVI—XVIII asrga xos ingliz va fransuz me’morchiligini aks ettiradi. Yog‘ochdan ishlangan naqshinkor devorlar, rangli oynalar, aylana zinalar, bahaybat kaminlarni ko‘rish mumkin. Tadbirlar uchun mo‘ljallangan zallarda o‘zbekona nafis san’at namunalari osilgan.

Elchixona G‘arb va Sharq durdonalarini ko‘z-ko‘z qiladi.

Odatda elchixonalar kuchli xavfsizlik choralari ostida faoliyat yuritadi. Ochiq eshiklar kunida oddiy amerikaliklar va o‘zbeklar uchun diplomatik vakolatxonani ko‘zdan kechirish imkoniyati mavjud.