Avgust oxirida AQShning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari kuchga kirdi, endi esa yana boshqa sanksiyalar muhokama qilinmoqda. Ular AQShda Rossiyaning 7 ta bank tuzilmalari operatsiyalarini taqiqlash va aktivlarini muzlatishni ko‘zda tutadi, deb yozadi «Podrobno.uz».
Ekspertlar ushbu hujjatning qabul qilinishi nafaqat Rossiya bank bozori, balki xorijiy moliya muassasalari uchun ham mushkul vaziyatni yuzaga keltirishi mumkinligini aytmoqda.
Ushbu holatda O‘zbekiston banklari jabr ko‘rish-ko‘rmasligi yuzasidan Rossiya «Oliy iqtisodiyot maktabi» milliy tadqiqot universitetining Sharqshunoslik maktabi rahbari, professor Aleksey Maslov izoh berdi.
«Bugungi kunda Rossiya banklarida pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq muammolar yo‘q. Agar Vashington bu qadamni qo‘yishga qaror qilsa, umuman olganda, O‘zbekiston va Rossiya banklari o‘rtasidagi ish zarar ko‘rmasligi kerak. Amerika hukumati korrespondent hisobvaraqlarining hammasini emas, balki faqat Rossiyaning yirik bank tashkilotlarinikini bloklab qo‘ymoqchi. Rossiya banklarida Amerika bozori bilan ishlash uchun boshqa bir qator kanallar qoladi. Ushbu kompaniyalar orqali tranzaksiyalarni o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Agar ushbu banklar orqali yirik kreditlar olib bo‘lmay qolgan taqdirdagina, jiddiy muammolar yuzaga kelishi mumkin, biroq hatto bunday vaziyatda ham pul o‘tkazmalari to‘xtatilmaydi», — dedi Aleksey Maslov.