O‘zbekistonga kelib ketayotgan samolyotlarni kuzatadigan "AviaSpotter" kanalining ma’lumotlariga ko‘ra, shu kunlarda "Toshkent" xalqaro aeroportiga dunyoning turli oligarxlariga qarashli shaxsiy va tijoriy aviajetlar serqatnov bo‘lib qolgan. Kanal bergan axborotga ko‘ra, bu milliarder Alisher Usmonovning 9 sentyabrda Toshkentda nishonlanadigan tug‘ilgan kuni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
7 sentyabrdan boshlab Toshkentga turli rusumdagi samolyotlar charter reyslar bilan kirib kelmoqda. Alisher Usmonovning "Bourkhan" avialayneri ham shu kuni Sochidan uchib kelib, poytaxtga qo‘ngan. Shuningdek, Toshkentga turli nufuzli futbol klublaridan vakillar tashrif buyurmoqda. Xususan, "Vnukovo" aeroportidan SSKA prezidenti Yevgeniy Giner uchib kelgan. Bundan tashqari, "GainJet Aviation"ga qarashli Angliyaning "Manchester Siti", "Tottenxem", Portugaliyadan "Benfika" klublariga xizmat ko‘rsatadigan VIP konfiguratsiyali "Boeing 737-23N" samolyoti ham O‘zbekistonga yetib keldi.
Rossiyalik biznesmen, "Magnitogorsk metallurgiya kombinati" direktorlar kengashi raisi va strategik rejalashtirish qo‘mitasi raisi Viktor Rashnikovning shaxsiy "Bombardier golfstream G650" samolyoti ham 8 sentyabr kuni Toshkentga qo‘ngan.
Hozirgacha 15 ga yaqin shaxsiy va tijoriy aviajet Rossiya va Yevropadan "Toshkent" xalqaro aeroportiga kelib qo‘ngan.