Ish

2020 yilda muvaffaqiyat uchun zarur bo‘ladigan 10 kasbiy ko‘nikma

Bugungi taraqqiyot zamonida biror ishda muvaffaqiyat qozonish uchun oldingi asrdagi kabi iqtidorli bo‘lishning o‘zi kifoya qilmay qoldi. Joriy yilning yanvar oyida Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon Iqtisodiy Forumida keyingi 5 yilda mutaxassislardan talab qilinadigan ko‘nikmalar ro‘yxati e’lon qilingan edi. Bu ko‘nikmalar miyani chiniqtirib, insonni o‘zining eng kuchli ichki jihatlarini ro‘yobga chiqarishga majbur qiladi. Bu to‘g‘rida "Hayotni o‘zgartirishning 100 xil yo‘li" nomli bestseller kitobida batafsil mulohaza yuritiladi. Xo‘sh, shunday qilib, 2020 yilga kelib har bir xodimdan qaysi ko‘nikmalarga ega bo‘lish talab qilinishini quyida ko‘rib chiqamiz.

1. Murakkab muammolarni ko‘p yechimli darajada hal qilish (Complex problem solving) ko‘nikmasi. Tasavvur qiling: shifokorga kelgan bemor o‘zidagi ortiqcha vazndan shikoyat qiladi. Yomon shifokor, tabiiyki bemorga "Mana sizga parhez. Unga amal qiling", deydi. Yaxshi shifokor esa muammoga maksimal yechim topishga urinadi — u bu vaziyatda faqat parhez yordam bera olmasligini tushunadi, bemorning kundalik turmush tarzi bilan tanishadi, muammoni yaqindan o‘rganadi. Mana shu muammoga kompleks yechim topish ko‘nikmasiga ega mutaxassisga misol. Ayniqsa, bu talab birinchi navbatda boshqaruv tizimi xodimlari uchun yuqori qo‘yiladi.

2. Tanqidiy fikrlash (Critical thinking). Bu shunday ko‘nikmaki, u hatto egasi oldiga mavjud qoida yoki aniq-ravshan ko‘rinib turgan voqelikka nisbatan 100 foizlik ishonchga ham shubha bilan qarash shartini qo‘yadi. Ha, kamdan-kam bo‘lsa ham, shubha jarayon rivoji uchun ham xizmat qiladi. Albert Eynshteyn aytganidek, muvaffaqiyat qozonishda hammasi juda oddiy: barcha biror ishni bajarish imkonsiz deb turganida bir jasur odam keladida, ularning fikriga shubha bilan qarab, o‘sha ishni uddalaydi.

3. Keng qamrovda ijodiy fikrlash (Creativity). Kreativlik — ijodiy yondashuv darajasi juda keng bo‘lgan ko‘nikma. Jahondagi barcha muvaffaqiyatli insonlar, biznesmenlardan tortib rassomlargacha shu ko‘nikma sabab ko‘zga ko‘ringanlar. Kreativlik — bu hali noaniq narsani noan’anaviy, o‘ziga xos tarzda tasavvur qilishni anglatadi. Rassom va haykaltarosh Mikelanjelodan Davidning haykalini bu qadar shukuhli va mukammal yaratishiga nima sabab bo‘lganini so‘rashganida, u shunday javob bergan: "Men ulkan marmar ichida qafasdagi qush misol farishtani ko‘rdim va uni ozod qilishni istadim". Mana shu ishga ijodiy yondashish degani.

4. Odamlarni boshqarish (People management) ko‘nikmasi. Fizik Petr Kapitsaning ajoyib fikri bor: «Boshqarish — bu yaxshi xodimlarga ishlashlariga xalaqit qilmaslikdir». Siz bilgan yaxshi rahbarlar ko‘pmi? Menimcha, ular sanoqli. Shu tufayli ham, bu ko‘nikma bahosi oltinga teng. Odamlarni boshqarish — ularga bor salohiyatlarini namoyon etishlariga xizmat qiladigan shart-sharoit yaratib berishni anglatadi.

5. Odamlar bilan o‘zaro munosabat (Coordinating with others). 20-asrning milliarderi Endryu Karnegi shunday degan edi: "Odamlar bilan ishlayotganingda o‘zingni qum orasidan tilla izlayotgan odamga qiyosla — topayotgan tilla zarralari uchun quvonginda, burning va bo‘g‘zingni achishtirayotgan qum va changni unut". Ish jarayonida har xil vaziyat bo‘ladi. Kim bilandir urishib qolasiz, tortishasiz. Shunda ham unga bo‘lgan insoniy munosabatingizni o‘zgartirmang. Odamlarning yaxshi jihatlariga e’tibor qaratish ham muhim ko‘nikma.

6. Hissiy aql-zakovat (Emotional intellect). 1995 yilda Deniel Goulman muallifligidagi «Hissiy aql-zakovat» kitobi jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otgan. Hissiy aql-zakovat nazariyasi, garchi ancha yillar oldin aytilgan bo‘lsa ham, yangicha qarashlar jam etilgan kitob bozorda ko‘p o‘tmasdan bestseller darajasiga yetadi. Atoqli olim Goulman fikrlariga ko‘ra, o‘z hislarini boshqarish va boshqalarning his-tuyg‘ularini tushunish hayotda muvaffaqiyat qozonishda muhim rol o‘ynaydi. «Vikipediya»da hissiy aql-zakovat quyidagicha izohlanadi: «Hissiy aql-zakovat — insonning hislarni fahmlay olish, farqlay olish, boshqalarning xohish va istaklarini tushunish hamda maqsad yo‘lida o‘z hislarini va boshqalarning hislarini boshqara olish ko‘nikmasi». Hissiy aql-zakovat qahr-g‘azab tufayli vaziyatni yanada murakkablashtirishni oldini oladi, masalaga xolis yondashib, aniq harakatlanishga yordam beradi. Uyda yoki oilada vaziyat taranglashsa, bu ishingizga ham ta’sir qiladi. Natijada, rahbarga bilib-bilmasdan qo‘pol gapirib yuborasiz. Sizning holatingizni to‘g‘ri tushungan rahbar esa, ishdan bo‘shatish o‘rniga sizga o‘sha kuni dam olishga ruxsat berib, kinoga borish yoki oilaviy tamaddi qilishni tavsiya qiladi. Ajoyib yondashuv, shunday emasmi? Mana buni hissiy aql-zakovatga ega rahbar deyish mumkin.

7. Qaror qabul qilish va xulosa yasash (Judgment and decision-making). Qaror qabul qilish — maqsadga yetish yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrashga sababchi bo‘ladigan oxirgi nuqta. Shu sababli ham, ko‘pchilik ikkilanadi. Yo‘lboshchi qanchalar kuchli bo‘lsa, uning qarorlari ham shu qadar maqsadli va samarali bo‘ladi. Qaror qanchalik mustahkam bo‘lsa, lider ham shu qadar mas’ul bo‘ladi. Amerikalik olim Piter Druker aytgani kabi, muvaffaqiyatli biror ishga duch kelsangiz, bilingki bu kimningdir jasurlik bilan qilgan mulohazali qarorining natijasi.

8. Xizmat ko‘rsatiladigan auditoriyani (Service orientation). Minglab izohlardan ko‘ra, bunga bir misolni keltirib o‘tamiz. Amerikalik Kris ismli kishi mehnat ta’tili mobaynidagi sayohat chog‘ida oilasi bilan Ritz-Carlton mehmonxonasida to‘xtab o‘tadi. Oila sayohatdan qaytgach, o‘g‘illarining sevimli o‘yinchog‘i bo‘lmish jirafa Joshi mehmonxonada qolib ketgani ma’lum bo‘ladi. Albatta, bu bolakayni qattiq xafa qiladi. Kris esa o‘g‘liga jirafa Joshi yana bir necha kun mehmonxonada qolishga qaror qilgani, tez orada yetib kelishini aytadi. Bu orada esa mehmonxona xodimlari jirafani topib olishadi. Kris bilan gaplashgach, unga baobro‘ mijozga xizmat ko‘rsatilayotgan holatdagi suratlarni olishadi. Hatto, shu bahona bo‘lib Ritz-Carlton'da mehmonxona biznesida ilk marotaba o‘yinchoqlar nomiga alohida xona rasmiylashtiriladi. Suratlarni esa jirafa Joshiga qo‘shib uyga yuborishadi. Mana buni mijoz taklif va ehtiyojlarini o‘rganish, ular uchun qayg‘urish, xizmatlarni shunga ko‘ra optimallashtirish deyiladi.

9. Muzokara olib borish (Negotiation) ko‘nikmasi. Rahbar yoki mas’ul shaxs sifatida kelishuvlar qilish, o‘zaro munosabatlarda aniq va tiniq rejalarni belgilab, qat’iylik bilan ikkinchi tomonga buni tushuntirish, biror masala yuzasidan rozilik olish oson emas. Muzokara olib borayotganda ikkinchi tomonning nigohiga tik boqib, kezi kelganda jiddiy yoki muloyim, ammo samimiy ohangda so‘zlash kerak. Sizning bu jarayonda qat’iy, mulohazali odam sifatida taassurot qoldirishingiz ishning oson va ko‘ngildagidek bitishiga xizmat qiladi.

10. Kognitiv moslashuvchanlik (Cognitive flexibility). Sodda tilda tezkor solishtirib, aniq fikrlash deyish mumkin. Kognitiv moslashuvchanlik — aqlning bir fikrni boshqasi bilan chog‘ishtira olish, bir vaqtning o‘zida masalaning bir necha tomonini mulohaza qila olish ko‘nikmasi. Quyidagi taniqli Strup testi yordamida siz o‘zingizdagi bilishga moyillikni imtihon qilishingiz mumkin. Bu juda oddiy. Quyidagi so‘zlar yozilgan rang nomlarini tezkorlik bilan ayting.

Струп

Xulosa Mana shular siz 2020 yilga qadar ega bo‘lishingiz lozim bo‘lgan ko‘nikma va qobiliyatlardir. Bularning yarmi fe’l-atvor, odamlar bilan muomala qilish, ularni tinglash va tushunish bilan bog‘liq bo‘lsa, qolgan yarmi miyaning salohiyati bilan bog‘liq: tezkor fikrlash, tasavvur qilish, mohiyatni anglash, muammoni hal qilish, yangi g‘oyalarni ilgari surish. Bularga hozir ham har bir xodim ega bo‘lishi kerak. Ammo, yaqin kelajakda ular zaruriy talabga aylanadi. Shu vaqtga qadar iste’dodli rassom eng zo‘r hisoblangan bo‘lishi mumkin. Ammo, hozir rassom ham chizishni, ham fotoshop ko‘nikmasini bilsa, bu -- yanada yaxshi. Nima bo‘lganda ham, doimo idrok qila olish va tushunish ko‘nikmasi insonning bosh sifati bo‘lib qolaveradi.