Bilasizmi?

1 oktyabrdan ayrim litsenziyalovchi organlar o‘zgaradi

Prezidentning «Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida 1 oktyabrdan boshlab Prezident hujjatlari va Hukumat qarorlari bilan turli vaqtda tashkil etilgan idoralararo kollegial organlarni (jami – 81 ta) tugatish va ularning vakolatlarini tegishli muassasalarga o‘tkazish nazarda tutilgan. Yana 25 ta shunday organlarning ishi optimallashtiriladi, deb yozmoqdaNorma.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyunda 9 ta faoliyat turi bo‘yicha litsenziyalash funksiyalari transfer qilingan edi. O‘shanda regulyatorlik vakolatlaridan mahrum bo‘lgan ayrim hukumat komissiyalari ham ko‘rib chiqilayotgan farmon doirasida tugatilayotgan organlar ro‘yxatiga kiritildi.

Aniqrog‘i, quyidagilar haqida so‘z bormoqda:

• Vazirlar Mahkamasining geodeziya va kartografiya faoliyatini litsenziyalash komissiyasi (Yergeodezkadastrdavqo‘m);

• Vazirlar Mahkamasining portlovchi va zaharli moddalarni, ularni qo‘llagan holda materiallar va mahsulotlarni, shuningdek portlatish vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash komissiyasi («Sanoatgeokontexnazorat» DI);

• Vazirlar Mahkamasining Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada bo‘ladigan sohalardagi faoliyatni litsenziyalash komissiyasi («Sanoatgeokontexnazorat» DI);

• Vazirlar Mahkamasining qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi («Sanoatgeokontexnazorat» DI);

• Vazirlar Mahkamasining noshirlik faoliyatini litsenziyalash komissiyasi (O‘zMAA);

• Pirotexnika buyumlarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi (IIV).

Biroq 1 oktyabrdan tugatilayotgan organlar (komissiyalar, qo‘mitalar, kengashlar, ishchi guruhlari va h.k.) orasida faoliyat yuritayotgan litsenziyalovchi organlar ham bor. Ularning vakolatlari ham ko‘rsatilgan sanadan boshlab boshqa davlat organlariga o‘tkaziladi. Shu tariqa, litsenziyalovchi organlar yana o‘zgarishi kutilmoqda.

Hujjatda idoralararo kollegial organ tushunchasi, uni tashkil etish va faoliyat yuritish tartibi, idoralararo hamkorlik prinsiplari ham keltirilgan hamda boshqa tashkiliy masalalar tartibga solingan.

Hujjat 29.08.2018 yildan kuchga kirdi.